Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi 4-aprel kuni mamlakat janubi-sharqida aksilterror operatsiyasi o‘tkazib, 18 nafar jangarini yo‘q qilgan. Bu haqda “TASS” nashri fors manbalariga asoslanib, xabar berdi.
![](/static/2024/04/04/map-HlOYgA8L.jpg)
“Ushbu operatsiya davomida 18 nafar qurolli terrorchi yo‘q qilindi. Huquq-tartibot idoralari tomonidan 10 kishi halok bo‘ldi va yana bir necha kishi jarohat oldi”, — deyiladi IRNA axborot agentligi xabarida.
Bayonotga ko‘ra, islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Sistan va Balujiston viloyatida operatsiya o‘tkazish davomida politsiya bilan hamkorlik qilgan.
4-aprelga o‘tar kechasi terrorchilar Eronning Sistan va Balujiston viloyatlaridagi politsiya va harbiy obyektlarga bir necha hujum uyushtirgan edi. Eron rasmiylariga ko‘ra, hujum uchun javobgarlikni, asosan, Eron janubi-sharqida, Afg‘oniston va Pokiston bilan chegaradosh hududda faoliyat yurituvchi “Jaysh az-Zulm” islomiy ektremistik tashkiloti o‘z zimmasiga olgan.