Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning iltimosiga ko‘ra, Rossiya chegarachilari Armaniston va Ozarbayjon chegarasi bo‘ylab joylashtirib chiqilgan. Bu haqda Rossiya rasmiylari tarqatgan maʼlumotlarga tayanib, “TASS” nashri xabar berdi.
Rossiya chegara qo‘shinlarning yangi joylashuvi haqida Rossiyaning Armanistondagi elchisi Sergey Kopirkin 24News nashriga bergan intervyusida maʼlum qilgan. Ushbu harakatdan maqsad Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida keskinlik yuzaga kelishining oldini olish ekanligi aytilgan.
Rossiya rasmiysiga ko‘ra, Janubiy Kavkaz mintaqasida rus harbiy kontingentining bo‘lishi mamlakatlar o‘rtasidagi vaziyatni barqarorlashtirishga yordam beradi. Rus askarlari bir tomon manfaatini inobatga olib, harbiy harakatlarda ishtirok etmaydi.
Maʼlumot o‘rnida, 2020-yilda Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ikkinchi Qorabog‘ urushi Bokuning g‘alabasi bilan yakunlangan edi. Urush yakunida tan olinmagan Qorabog‘ respublikasi hududida va Lochin koridori atrofida Rossiya tinchlikparvar kontingenti joylashtirilgan edi. Ammo ushbu kontingent mavjudligi Ozarbayjon tomonidan 2023-yil sentyabrida Tog‘li Qorabog‘ respublikasi suvereniteti tugatilishi va Boku yurisdiksiyasiga qo‘shib olinishiga qarshilik qilolmadi.
Izoh (0)