O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmanov Buyuk Britaniyaning Cox&Kings sayyohlik kompaniyasi ijrochi direktori Jorj Kolvin bilan uchrashdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 1758-yilda tashkil etilgan Cox&Kings kompaniyasi Buyuk Britaniyadagi eng qadimiy sayyohlik brendi hisoblanadi. Kompaniya, shuningdek, britaniyalik sayyohlar uchun xorijiy turlarni tashkil etishda ham yetakchi sanaladi.
Muloqot davomida Britaniyadan O‘zbekistonga turistlar oqimini oshirish, O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlari va yangi yo‘nalishlarini hamkorlikda Britaniya keng ommasi o‘rtasida targ‘ib etish masalalari muhokama qilingan.
Jorj Kolvin Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan va turli madaniyatlarni birlashtirgan O‘zbekiston zamini Buxoro, Samarqand, Toshkent va Xiva singari qadimiy shaharlari hamda dunyoga mashhur tarixiy obidalari bilan britaniyalik sayyohlarni faol jalb etayotganini taʼkidlab o‘tgan.
“So‘nggi yillarda O‘zbekistonning rivojlangan sayyohlik infratuzilmasi va ochilayotgan yangi yo‘nalishlar sayyohlar uchun mavsum davrini kengaytirishga, ularning mamlakatda bo‘lish vaqtini uzaytirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, mazkur o‘zgarishlar O‘zbekistonga yilning istalgan davrida sayohat qilish imkonini bermoqda”, — degan u.
Muzokaralar natijasida tomonlar 2024-yilda 2500 nafar britaniyalik sayyohlarni O‘zbekistonga yuborish va O‘zbekiston sayyohlik jozibadorligini Buyuk Britaniyada keng targ‘ib qilish maqsadida yetakchi ommaviy axborot vositalarida mavzuga oid maqolalarni joylashtirish to‘g‘risida kelishib olgan.
Izoh (0)