Niger harbiy rejimi rahbari general Abdurahman Tiani 26-mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muloqotda xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga chaqirgan. Bu haqda The Moscow Times nashri xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, joriy yilning yanvar oyida Niger bosh vaziri Ali Lamine Zayn delegatsiyasi Moskvaga kelganida harbiy aloqalarni mustahkamlashga kelishib olingan. Endilikda hukumatlar mudofaa sohasidagi hamkorlik loyihalariga amaliy tus bermoqchi.
Dunyoning eng qashshoq davlatlaridan biri bo‘lgan Niger Sahel hududidagi terrorchilarga qarshi kurashda hozirga qadar G‘arb bilan hamkorlik qilib kelgan edi. Ammo o‘tgan yili saylangan prezident hokimiyatdan chetlatilganidan keyin Rossiya eng munosib yangi mudofaa hamkori sifatida ko‘rilmoqda.
“Ikki davlat rahbarlari hozirgi tahdidlarga qarshi turish uchun xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi haqida gaplashdilar”, — deya qisqa xabar beriladi Nigeriya eʼlon qilgan bayonotda.
Kreml bayonotida aytilishicha, tomonlar siyosiy muloqotni boshlash va turli sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirgan. Ammo Niger hududidagi terrorchilarga qarshi kurashda amaliy yordam berish haqida xabar eʼlon qilinmagan.
Izoh (0)