Qozog‘istonning Olmaota shahrida noma’lum shaxs sabzavot do‘konlaridan birida odamlarga qarata o‘t ochdi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.
Voqea aks etgan kadrlar 12-fevraldan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan. Unda do‘konda bir necha erkak o‘zaro gaplashib turganida, noma’lum erkak kirib, o‘t ochganini ko‘rish mumkin. Otishma oqibatida bir kishi jarohatlangan.
Politsiyaga ko‘ra, voqea 2023-yil 30-dekabr kuni Sholpan shahar turar joy majmuasi yaqinida sodir bo‘lgan. Shahar ichki ishlar boshqarmasi ushbu voqea yuzasidan jinoiy ish ochilgani haqida ma’lumot berdi.
“Bezorilik asosida qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi dastlabki tergov ma’lumotlari inobatga olinib, ertasi kuni qotillikka suiqasd toifasiga o‘zgartirildi. Gumonlanuvchi ushlanib, qamoqqa olingan. Ashyoviy dalillar musodara qilindi. Tegishli ekspertiza tayinlangan”, — deya izoh berdi shahar IIB matbuot xizmati.
Tergov ishlarining borishi IIB rahbariyati nazoratida ekani ma’lum qilindi.
Izoh (0)