Chexiya poytaxti Pragadagi Karlova universitetida 21-dekabr kuni otishma sodir bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 10 kishi halok bo‘lgan, 30 kishi jarohat olgan. Otishma sodir etgan yigit o‘z joniga qasd qilgan. Voqea Karlov universitetining san’at fakulteti hududida sodir bo‘lgani aytilmoqda. Bu maydon va unga tutash hudud o‘rab olingan. Politsiya mahalliy aholini voqea joyiga yaqinlashmaslik va tashqariga chiqmaslikka chaqirmoqda.
Universitet o‘qituvchilaridan biri Sergey Medvedev voqeaga guvoh bo‘lganini aytdi.
“Ishonish qiyin, lekin biz sokin Pragada otishma ostidamiz. Universitetda ma’ruza o‘qiyotgan edim, bino ichida o‘q ovozlari yangradi, derazalar silkindi. Keyin juda ko‘p qichqiriqlar bo‘ldi, auditoriyaga maxsus xizmatlar bostirib kirib, xonani tekshirdi”, — deydi Medvedev.
Taxminlarga ko‘ra, otishmani Karlova universitetining tarix fakulteti talabasi Devid Kozak ochgan. Uning psixologik muammolari borligi aytilmoqda. Tasdiqlanmagan maʼlumotlarga ko‘ra, universitetdagi otishmadan sal avval u otasini o‘ldirgan.
Karlov universiteti Chexiya Respublikasining asosiy universiteti, Markaziy va Sharqiy Yevropadagi eng qadimgi universitet va dunyodagi eng qadimgi klassik universitetlardan biri bo‘lib, 1348-yilda Chexiya Lyuksemburg qiroli Karl IV tomonidan asos solingan. Universitetda 50 mingdan ortiq talaba tahsil oladi.
Izoh (0)