Rossiyada politsiya noqonuniy migrantlarni aniqlash uchun dronlardan foydalanishni boshladi. Politsiya Samara viloyati va Saratov shahrida dronlar yordamida reyd o‘tkazdi. Bu haqda “Current time” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, dron yordamida hududdagi savdo va ishlab chiqarish obyektlarida migratsiya qonunchiligi buzilishi holatlari aniqlangan. Jumladan, Samarada noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullangan migrantlarga nisbatan 23 ta, Rossiya hududida bo‘lish rejimini buzgan migrantlarga nisbatan 5 ta ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.
Bundan tashqari, tegishli mehnat shartnomasisiz va Migratsiya boshqarmasiga xabar bermasdan ishlayotgan migrantlar aniqlangan. Hozirda maʼmuriy tergov o‘tkazish va ularning ish beruvchilarini maʼmuriy javobgarlikka tortish uchun tekshirish materiallari tayyorlangan.
Saratovda qurilish omborida olib borilgan reydda esa 47 nafar migrant tekshirilgan, ularning 13 nafari tegishli hujjatlarsiz ishlagan, 3 nafari Rossiyada bo‘lish tartibini buzgan, bir nafari mamlakatda noqonuniy bo‘lgani sababli deportatsiya qilingan.
Rossiyada ishlash uchun migrantlarni noqonuniy yollash va bu haqda politsiyaga xabar bermaslik uchun ish beruvchi jarima bilan jazolanadi – fuqarolar 5000 rublgacha (56 dollar); mansabdor shaxslar – 50 000 rublgacha (560 dollar), yuridik shaxslar – 800 000 rublgacha (salkam 9 ming dollar) yoki ish faoliyatini 14 dan 90 kungacha ma’muriy to‘xtatib turish.
Izoh (0)