21-yanvar kuni dunyoning turli mamlakatlarida rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniy zaharlanib, Rossiyaga qaytganining uch yilligiga bag‘ishlangan “Putinsiz Rossiya” aksiyasi bo‘lib o‘tdi.
Navalniy jamoasiga ko‘ra, norozilik namoyishlari Avstraliya, Yangi Zelandiya, Armaniston, Litva, Polsha, Estoniya, Germaniya, Irlandiya va Gruziyada bo‘lib o‘tgan. Ishtirokchilar Vladimir Putin va Ukrainadagi urushga qarshi, shuningdek, Navalniy va boshqa siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlovchi plakatlarni ko‘tarib kelgan.
Eng ko‘p odamlar ishtirokidagi aksiyalar Germaniyada bo‘lib o‘tdi. Deutsche Welle rus xizmati Berlindagi Brandenburg darvozasidagi mitingga bir necha yuz kishi kelganini, Kyolnda esa ikki yuzga yaqin odam ishtirok etganini yozadi.
“Putinsiz Rossiya” veb-sayti ma’lumotlariga ko‘ra, norozilik namoyishlari 40 ta mamlakatda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Novichok”dan zaharlangan Aleksey Navalniy Germaniyada bir necha oy davolanib, 2021-yil 17-yanvar kuni Rossiyaga qaytgandi. U aeroportda hibsga olingan. 2023-yil avgustida Navalniy “ekstremizm” ishi bo‘yicha “alohida rejim” koloniyasida 19 yilga qamaldi.
Izoh (0)