O‘zbekiston prezidentining 29-dekabrdagi farmoni bilan Javlon Vahobov Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori etib tayinlandi. Bu haqda institut matbuot xizmati xabar berdi.
Mintaqada yagona davlat ilmiy-tadqiqot muassasasi, yaʼni Markaziy Osiyo xalqaro instituti Shavkat Mirziyoyevning PQ-4811-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Institutning asosiy vazifasi Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlarida ro‘y berayotgan tashqi siyosiy, ichki siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning asosiy tendensiyalarini har tomonlama va chuqur o‘rganish asosida amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Javlon Vahobov 2017-2023-yillar davomida O‘zbekistonning AQSH, Kanada va Braziliyadagi elchisi lavozimida faoliyat yuritdi. 2023-yil mart oyida O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Furqat Siddiqov O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi etib tasdiqlangan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil yanvarda Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan sobiq tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori etib tayinlangandi. Iyun oyida esa Norov Twitter’dagi sahifasi orqali nafaqaga chiqqanini e’lon qildi.
Izoh (0)