Surxondaryo viloyatida 2024-yil 1-yanvarning ilk daqiqalarida uch egizak dunyoga keldi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, viloyat 1-sonli perinatal markazida yangi yil boshlanishining ilk daqiqalarida tug‘ilgan uch egizaklar va ularning onasiga viloyat hokimining sovg‘alari hamda bayram tabriklari yetkazilgan.
“Hozirda ona va bolalarning sog‘lig'i normal holatda bo‘lib, ular shifokorlarning doimiy nazoratida”, — deyiladi xabarda.
Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvar soat 17:00 holatiga ko‘ra, mamlakatda jami 1043 nafar chaqaloq dunyoga kelgan. Eng ko‘p tug‘ilish Farg‘ona viloyatida (160 nafar) qayd etilgan.
Statistika agentligiga ko‘ra, Toshkent shahrida 2023-yilning yanvar—iyul oylarida FHDY organlari tomonidan 45 473 ta tirik tug‘ilish holatlari qayd etilgan. O‘zbekistonda 2023-yilning yanvar oyida 76 199 nafar tirik tug‘ilish holatlari FHDY organlarida qayd etilgan. Ulardan 1 816 nafari egizak chaqaloqlar hisoblanadi. Yanvar—iyun oylarida esa 434 519 ta tug‘ilish qayd etilgan. 2022-yilda esa O‘zbekistonda birinchi farzandini dunyoga keltirgan onalar soni 280 432 nafarni tashkil etgandi.
Izoh (0)