O‘tgan ikki oy davomida O‘zbekistondagi AYQSHlarda 25 ta qoidabuzarlik holati aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita “O‘zenergoinspeksiya” bilan hamkorlikda aholini sifatli benzin mahsulotlari bilan taʼminlash holatini o‘rganish maqsadida 2023-yil noyabr—dekabr oylarida Respublikaning barcha hududlarida joylashgan AYQShlarda benzin mahsulotlarining nazorat xaridlari o‘tkazdi.
Ushbu o‘rganish tadbirlari davomida 82 ta AYQSHlardan xarid qilingan benzin mahsulotlari, belgilangan tartibda tegishli laboratoriyalarga taqdim etilgan va ularning dastlabki qismi bo‘yicha maʼlumotlar olingan.
Bugungi kundagi dastlabki o‘rganishlar natijasida (laboratoriya tahlillariga asosan) 21 ta holatda benzin mahsulotlarining sifati belgilangan talablarga javob bermasligi, 4 ta holatda esa belgilangan miqdordan kam quyish holatlari aniqlangan.
Ushbu holatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyatlaridagi AYQSHlarda kuzatilgan.
Bunda, dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra jami isteʼmolchilarga 300 million so‘mga yaqin zarar yetkazilgani aniqlangan.
Izoh (0)