Rossiyada safarbarlikning ikkinchi to‘lqini bo‘lmaydi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin jonli muloqot chog‘ida gapirdi.
“Safarbarlik nega kerak? Bunday ehtiyoj yo‘q”, — dedi u.
Rossiya prezidentning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Ukrainada 244 ming harbiy xizmatchi urushda. Bundan tashqari, yana 486 ming ko‘ngilli Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan.
“Bizda qisman safarbarlik o‘tkazildi, 300 ming kishini chaqirdik. Bu borada ko‘p istehzolar bo‘ldi, ularga ‘mobiklar’ laqabini yopishtirishdi. Yigitlar yaxshi jang qilmoqda, 14 nafar Rossiya qahramonlari, boshqa ordenlar haqida gapirmay qo‘ya qolay. Hozirda 244 ming kishi harbiy harakatlar hududida bo‘lib turibdi. Ular orasida yaxshi mutaxassislar ko‘plab topiladi. 41 ming nafari yosh chegarasiga yetgani, sog‘lig‘i va hokazolar sababli xizmatdan bo‘shatilgan.
Shundan so‘ng biz shartnoma imzolash uchun odamlarni jalb qilish kampaniyasini boshladik. Kecha oqshom holatiga ko‘ra 486 ming nafar, kuniga bir yarim ming nafar ko‘ngilli xizmatga jalb etilgan. Qo‘lga qurol olib, Vatan manfaatini himoya qilishga shay yigitlarimiz oqimi kamaymayapti”, — dedi Putin.
Rossiyada “qisman safarbarlik” 2022-yil sentyabr oyi oxirida e’lon qilingandi. Noyabr oyi boshida Rossiya hukumati safarbarlik chaqiruvi yakunlanganini e’lon qildi, ammo bu qonuniy ravishda rasmiylashtirilmadi. Prezident safarbarlikni tugatish haqidagi farmonni imzolamadi.
Shundan so‘ng, safarbarlikning “ikkinchi to‘lqini” boshlanishi mumkinligi haqida bir necha bor xabarlar paydo bo‘ldi. Kreml buni rad etdi.
Izoh (0)