Rossiya Ichki ishlar vazirligi Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanovga nisbatan qidiruv e’lon qildi. Tegishli ma’lumotlar vazirlikning ma’lumotlar bazasida paydo bo‘ldi, deb xabar bermoqda Meduza.
Budanovning kartochkasida, odatdagidek, u qaysi jinoyat ishi bo‘yicha qidiruvga berilgani ko‘rsatilmagan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi oktyabr oyi boshida Ukrainaning to‘rt nafar harbiy rahbari, jumladan, Kirill Budanovni terakt sodir etganlikda ayblagan edi. Tergov qo‘mitasi ularni Rossiyadagi nishonlarga qilingan dronlar hujumida ishtirok etgan, deb hisoblaydi.
Rossiya Tergov qo‘mitasi ko‘plab ukrainalik amaldorlar, tadbirkorlar va harbiy xizmatchilarga qarshi jinoiy ish ochgan. Rossiya sudlari bunday ishlar bo‘yicha ayblanuvchilarni sirtdan hibsga oladi va qidiruvga beradi.
Ukraina huquq-tartibot idoralari, o‘z navbatida, bosqin paytida sodir etilgan jinoyatlarga aloqador bo‘lgan Rossiya rasmiylari va harbiy xizmatchilariga qarshi ishlarni tergov qilmoqda.
Avvalroq Ukraina razvedka xizmati xodimlari, shuningdek, razvedka boshlig‘i Kirill Budanovning rafiqasi Marianna og‘ir metallar, jumladan, mishyak (margimush) va simob bilan zaharlangani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)