Fransiya 2024-yilgi Olimpiada o‘yinlari oldidan misli ko‘rilmagan xavfsizlik choralarini amalga oshiradi, deb xabar berdi ABC News 24-noyabr kuni. Parij harbiy gubernatori general Kristof Abadning so‘zlariga ko‘ra, jahonning asosiy sport musobaqasi avvalidan jamoat tartibini himoya qilish uchun 15 ming fransuz askari safarbar etiladi.
Ushbu kuchlarning asosiy qismi, ya’ni 10 mingga yaqin harbiy xizmatchilar Olimpiadaning asosiy musobaqalari bo‘lib o‘tadigan Parij va uning atrofida joylashtiriladi. Parij janubi-sharqida 5 ming harbiy xizmatchi uchun vaqtinchalik lager tashkil etiladi. 15 000 kishilik kontingentga shuningdek, transport va muhim obyektlarda terrorizmga qarshi patrullik qiladigan 7 000 askar ham kiradi.
Bundan tashqari, askarlar va harbiy kemalar Fransiya poytaxtidan 15 ming kilometr uzoqlikda – Fransiya Polineziyasidagi Taiti orolida syorfing bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari o‘tkaziladigan orolda joylashtiriladi.
Huquq-tartibot organlarining harbiylar ishtirokidagi bunday keng ko‘lamli operatsiyalari Fransiyada ilgari hech qachon kuzatilmagan. Olimpiada o‘tkaziladigan binolarni askarlar bilan bir qatorda o‘n minglab politsiyachilar va xususiy xavfsizlik kompaniyalari ham qo‘riqlaydi. Olimpiada o‘yinlari obyektlari havodan uchuvchisiz uchar apparatlar, harbiy qiruvchilar, vertolyotlar va boshqa samolyotlar tomonidan “qo‘riqlanadi”.
Fransiyada qabul qilingan yangi qonun xavfsizlikni ta’minlash uchun kuzatuv kameralari va sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanishga ham ruxsat beradi.
Avvalroq Parij o‘t o‘chiruvchilari 2024 yilgi Olimpiada o‘yinlari vaqtida ish tashlash o‘tkazish bilan tahdid qilgandi.
Izoh (0)