Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi “Prospekt slavi” metro bekatida davlatlararo qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda 78.ru xabar berdi.
42 yoshli O‘zbekiston fuqarosi o‘ta yirik miqdordagi firibgarlikda ayblanmoqda. U 2023-yil avgust oyida Toshkent viloyatida bir guruh shaxslar bilan jabrlanuvchining ishonchiga kirib, unga Eshonguzardan 120 ming dollarga uy sotib olib, bankdan olingan kredit mablag‘lari evaziga qaytarib berishini va’da qilgan.
Ayblanuvchi 9,5 million rubl (taxminan 108 ming dollar) miqdorida uy-joy garovi bilan qarz olib, jabrlanuvchining 40 ming dollarini qaytarib bergan, qolgan 80 ming dollarini turli bahonalar bilan bermagan.
Shundan so‘ng O‘zbekiston fuqarosi huquq-tartibot organlaridan qochgan. Qo‘lga olingan shaxs qidiruv tashabbuskoriga topshirilishi uchun navbatchilik bo‘limiga olib ketilgan.
Izoh (0)