Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonni uchinchi darajali “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirladi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Rahmon seshanba kuni ikki kunlik rasmiy tashrif bilan Moskvaga keldi. Muzokaralarni ochar ekan, Putin ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani va juda yuqori darajada ekanini, Rossiya Tojikistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkori ekanini taʼkidladi.
Bu yil Rossiya va Tojikiston o‘rtasida do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi asosiy shartnoma tuzilganiga 30 yil to‘ldi.
“Tojikiston rahbari oliy mukofotga ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlashga qo‘shgan ulkan shaxsiy hissasi uchun sazovor bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.
“Rossiya-Tojikiston munosabatlarida siyosat, iqtisodiyot, taʼlim, madaniyat sohalarida erishilgan eng muhim yutuqlar sizning faol pozitsiyangiz, ushbu soha va saʼy-harakatlarning barchasida manfaatdor ishtirokingiz va qo‘llab-quvvatlaganingiz bilan bevosita bog‘liq desam, mubolag‘a bo‘lmaydi”, — dedi Putin.
Izoh (0)