Andijonda Suriyadagi terrorchilar safiga borib qo‘shilgan shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilindi, deb xabar beradi viloyati IIB axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, Asaka tumanida yashovchi 25 yoshli Farrux Qoraboyev 2020-yil fevralda Rossiyaga ishlash uchun ketgan. U yerda esa ekstremistik g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan.
O‘sha yilning noyabrida Qoraboyev Turkiya orqali Suriyaga o‘tib, u yerda “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti safiga qo‘shilgan va ijtimoiy tarmoqlar orqali aqidaparastlik bilan yo‘g‘irilgan ma’lumotlarni tarqatgan.
Huquq-tartibot organlari tomonidan olib borilgan surishtiruv, tezkor qidiruvlari natijasida Farrux Qoraboyevga nisbatan 2021-yilda Jinoyat kodeksining 244-modda (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi bilan qidiruv e’lon qilingan.
Bundan avval xalqaro terrorchilik tashkilotlari safiga qo‘shilgan o‘zbekistonlik erkak va uning o‘g‘li qidiruvga berilgani xabar qilingandi. Shuningdek, qizlari bilan xalqaro terrorchilik tashkiloti jangarilari aʼzosi bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol ham qidirilmoqda. Ushbu ayol ham Rossiyada yashovchi erkak bilan tanishib, ikki qizi bilan dastlab Ozarbayjon orqali Turkiyaga, u yerdan esa Suriyaga borgan va xalqaro terrorchilik tashkilotining jangarilariga borib qo‘shilgan.
Izoh (0)