Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatidagi 10-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo o‘tayotgan Q.Sh. “lezviya” yutib, o‘z joniga qasd qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Holat yuzasidan ombudsman axborot xizmati “Daryo”ga izoh berdi.
Aytilishicha, Q.Sh.ning akasi ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari aʼzosining qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, yordam so‘ragan.
“O‘rganishlar davomida olingan dastlabki maʼlumotga ko‘ra, mahkum Q.Sh. 2023-yil 22 va 26-sentyabr kunlari koloniya xodimlariga yot jism yutib yuborganini aytgan. U darhol tibbiyot bo‘limiga olib borilib, rentgen tekshiruvidan o‘tkazilganida qorin bo‘shlig‘i va oshqozon-ichak traktida yot jism aniqlanmagan”, — deyiladi ombdusman axborotida.
Holat yuzasidan qonuniy baho berish uchun Bosh prokuraturaga so‘rov xati kiritilgan.
Qashqadarayo viloyati prokuraturasi tomonidan koloniya xodimlarining xatti-harakatlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Unga ko‘ra, xodimlarning xatti-harakatlarida xizmat intizomi va qonunchilik talablari buzilmagan, deb topilgan.
Mazkur holatda jinoyat alomatlari bo‘lmagani bois jinoyat ishini qo‘zg‘atish haqidagi qaror rad qilingan.
Izoh (0)