Butun dunyo bo‘ylab qochqinlar soni 114 millionga yetdi, deb xabar bermoqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarligi.
2023-yilning birinchi yarmida majburiy ko‘chirilishning asosiy sabablari Ukrainadagi keng ko‘lamli urush, Sudan, Kongo Demokratik Respublikasi va Myanmadagi qurolli mojarolar, Afg‘onistondagi inqiroz, shuningdek, Somalidagi qurg‘oqchilik, suv toshqini kabilar bo‘ldi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi olti oyida dunyo bo‘ylab 1,6 million odam boshpana so‘rab murojaat qilgan, bu tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Hisobotda aytilishicha, iyundan sentyabrgacha yana to‘rt million kishi qochqinga aylandi.
“Xalqaro hamjamiyatning mojarolarni hal eta olmasligi yoki yangilarining oldini olishga erisha olmasligi ko‘chish va azob-uqubatlarga olib keladi. Biz mojarolarni tugatish, qochqinlar va boshqa ko‘chirilgan odamlarning uylariga qaytishi yoki yangi hayot boshlashi uchun birgalikda ishlaymiz”, — dedi boshqarma rahbari Filippo Grandi.
Hisobotda Isroil — HAMAS urushining gumanitar oqibatlari hali baholanmagani qayd etilgan.
Izoh (0)