Qozog‘istonda qizamiq bilan kasallanishning keskin o‘sishi qayd etildi, so‘nggi bir hafta ichida kasallanganlar soni 30 foizga oshdi. Aqto‘be viloyatida yil boshidan buyon mingdan ortiq aholi vakili xavfli kasallikka chalingan. Hozir olti nafar chaqaloq reanimatsiyada.
Qizamiqning birinchi holatlari Aqto‘be viloyatida fevral oyida qayd etila boshlandi, deb yozadi AstanaTV. Kasallik kuzda cho‘qqisiga chiqdi. Butun boshli oilalar davolanish uchun shifoxonalarga yotqizilmoqda. Shu bois viloyatdagi shifoxonalarda qo‘shimcha o‘rinlar ajratildi.
“Bugungi kunda viloyatda 211 ta o‘rin, viloyat kattalar va bolalar shifoxonalarida 91 ta, “Chayka” sanatoriysida 120 ta o‘rin yaratilgan. Oxirgi 10 kun ichida kasallikka chalinish bo‘yicha kuniga o‘rtacha 20 ta holat qayd etildi”, — dedi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxitjon Tulkiboyev.
Ayni paytda “Chayka” sanatoriysida 82 kishi davolanmoqda. Ularning katta qismi bolalardir. 6 nafar chaqaloq reanimatsiyada. Shifokorlarning aytishicha, infeksiyalangan bolalarning 70 foizdan ortig‘i emlanmagan. Bunday hollarda esa kasallik ancha jiddiy o‘tadi.
Shifokorlar qizamiq juda yuqumli kasallik ekani haqida ogohlantirmoqda. Emlanmagan odamning kasallikni yuqtirish ehtimoli deyarli 100 foiz. Kasallanish sezilarli darajada oshganiga qaramay, viloyatdagi bolalar bog‘chalari va maktablar karantin uchun yopilmagan. Qizamiq aniqlansa, kasal bola izolyatsiya qilinadi, qolgan bolalar 21 kun davomida nazoratda bo‘ladi.
Izoh (0)