Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalari berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasqidlangan.
Mazkur hujjat tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalari berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini belgilaydi. Ushbu jarayonni tashkil etish bo‘yicha Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi direktori Sanjar Sharipov ma’lumot berdi.
Malaka toifalari Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi tomonidan tashkiliy-huquqiy shakli hamda idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar:
- tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanuvchi barcha tashkilotlarda faoliyat yuritadigan shifokorlar, farmatsevtlar;
- “Oliy hamshiralik ishi” mutaxassisligiga ega bo‘lgan hamshiralar, o‘rta tibbiyot va o‘rta farmatsevtika xodimlari;
- O‘zbekiston hududidagi tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga beriladi.
Shifokor va farmatsevtlar har besh yilda bir marta malaka toifasini berish bo‘yicha navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Ilgari attestatsiyadan o‘tmagan va ishga yangi qabul qilingan shifokorlar hamda farmatsevtlar yoki oliy ta’lim tashkilotlarini bitirib, birinchi bor ishga kirgan shifokor va farmatsevtlar mutaxassisligi bo‘yicha uch yil ish stajiga ega bo‘lgandan so‘ng malaka toifasini berish maqsadida majburiy attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Shifokor va farmatsevtlar malaka toifasini berish bo‘yicha majburiy attestatsiyaga o‘z muddatida jalb etilishi uchun shifokor va farmatsevtlar faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilot rahbari shaxsan javobgar hisoblanadi.
Izoh (0)