Ramzan Qodirovning o‘g‘li Adam Qodirov “Checheniston Qahramoni” bo‘ldi. Bu haqda Rossiya Davlat dumasi deputati Adam Delimxanov o‘zining Telegram kanali orqali ma’lum qildi.
Sentyabr oxirlarida Adam Qodirov Qur’onni yoqishda ayblanayotgan Nikita Juravelni urgani aks etgan video tarqalgandi. O‘shanda Checheniston rahbari o‘g‘lining harakatini ma’qullaganini aytgan.
“Qadrdon jiyanimni katta mamnuniyat bilan qutlayman… Adam Ramzanovich Qodirovga Checheniston Rspublikasining oliy mukofoti — ‘Checheniston Qahramoni’ unvoni topshirildi. U yoshligidan liderlik va tashkilotchilik qobiliyatlarini namoyon etib kelmoqda, doim shaxsiy rivojlanish ustida ishlaydi va hech qachon vaqtini behuda sarflamaydi”, — deb yozadi Delimxanov.
“Checheniston Qahramoni” unvoni qahramonlik ko‘rsatish bilan bog‘liq mintaqa va respublika xalqi oldidagi ulkan xizmatlari uchun beriladi. Mukofotni olganlar qator imtiyozlarga ham ega.
Adam Qodirovning yutuqlari
Adam 15 yoshda. Delimxanovning so‘zlariga ko‘ra, kichkina Qodirov hofizi Qur’on hisoblanadi. Bundan tashqari u turli fanlarni yaxshi o‘qiydi, tarixga, til o‘rganish va adabiyotga qiziqadi. Taktik o‘q otish bo‘yicha 10-ochiq chempionatda u birinchilikni qo‘lga kiritgan.
Bir necha kun oldin Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning qizi Ayshat Qodirova bosh vazirning ijtimoiy blok bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)