Toshkent xalqaro aeroportida fohishalikka jo‘natilayotgan ikki qiz to‘xtatib qolindi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida yashovchi 41 hamda 31 yoshdagi ikki shaxs o‘zaro jinoiy guruh tuzib, moddiy jihatdan qiynalgan yosh qizlarni mo‘may daromad topishiga ishontirib, g‘arazli niyatlarda fohishalik qilishi uchun Hindistonga jo‘natayotgani to‘g‘risida ma’lumot olingan.
Ular o‘sha davlatda bo‘lgan jinoiy sheriklari yordamida 23 hamda 25 yoshli qizlarni shahvoniy ekspluatatsiya qilishni maqsad qilib, kuzatayotgan vaqtida IIB va DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) ikkinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ushbu moddaga ko‘ra, odam savdosi ikki va undan ortiq shaxsga nisbatan, fohishalik bilan shug‘ullanishga jalb etish maqsadida sodir etilgan bo‘lsa 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
May oyida Toshkent viloyatida 22 yoshli qizni Rossiyaga fohishalik uchun olib ketayotgan ayol qo‘lga olingandi. Shu maqsadda 33 yoshli ayolni Moskvaga jo‘natayotgan shaxs ham ushlangandi.
Izoh (0)