Namanganda oxirgi 10 kun davomida ichimlik suvidan jami 6,7 milliard so‘m qarzi bo‘lgan 5539 nafar abonent qarzdorlikni bartaraf etish bo‘yicha talabnomalar yuborilgan. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
“Namangan suv taʼminot” korxonasi mutasaddilarining bildirishicha, shu muddat davomida 3 milliard so‘mdan ortiq qarzdorligi bo‘lgan 2625 nafar abonent bir necha bor ogohlantirilganiga qaramasdan qarzdorlikni bartaraf etmagani uchun tarmoqdan uzilgan.
“Qarzdor shaxslarga avvaliga talabnoma yuborilib, ogohlantiriladi. Uch kun ichida holat o‘zgarmasa kirish jo‘mragiga muhr bosiladi va tarmoqdan suv berish to‘xtatiladi. Shundan keyin ham to‘lov amalga oshirilmasa yoki o‘zboshimchalik bilan muhr buzilsa, abonent tarmoqdan majburiy tartibda ajratiladi. Keyingi bosqichda qarzdorlik sud tartibida majburiy undiriladi, — deydi “Namangan suv taʼminot” axborot xizmati rahbari Toirbek Komiljonov.
Viloyatda ichimlik suvidan qarzdorlik darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan abonentlar ham aniqlanmoqda. Jumladan, Namangan shahrining “Dambog‘” mahallasida yashovchi fuqaroda 37 million, Yangi Namangan tumanidagi “Sohil” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaroda 34 million, Davlatobod tumanida “O‘rta Rovuston” mahallasidagi oilada esa qariyb 25 million so‘m qarzdorlik to‘planib qolgan.
Mutasaddilarning qayd etishicha, viloyatda ichimlik suvidan qarzdorlik bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar ham aynan Namangan shahri, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.
Izoh (0)