Hukumat qarori bilan Tovar belgilari va xizmat ko‘rsatish belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentga ko‘ra, mazkur davlat xizmati Adliya vazirligi (vakolatli organ) tomonidan ko‘rsatiladi. Tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishga doir talabnomani topshirish bo‘yicha harakatlar talabnoma beruvchi tomonidan bevosita yoki vakili orqali amalga oshiriladi. Shunga ko‘ra, davlat xizmatidan foydalanish uchun vakolatli organning axborot tizimi yoki YIDXP (my.gov.uz) orqali yoxud pochta aloqasi bo‘yicha talabnoma topshiriladi.
So‘ng talabnoma beruvchi 3 oy davomida talabnoma topshirish uchun patent boji to‘lovini amalga oshirishi kerak. Patent boji to‘langach, talabnoma qabul qilinib, uning qayd raqami va kelib tushgan sanasi ko‘rsatilgan xabarnoma talabnoma beruvchiga yuboriladi.
Intellektual mulk markazi talabnoma kelib tushgan sanadan 30 kun davomida talabnomaning rasmiy ekspertizasini amalga oshiradi. Reglamentga ko‘ra, jumladan, quyidagilar tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi:
- davlat gerblari, bayroqlari va davlat mukofotlarining tasviri tushirilgan belgilar;
- tovar va uning tayyorlovchisi to‘g‘risidagi yolg‘on yoki iste’molchini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan belgilar;
- jamiyat manfaatlariga, odamiylik va axloq qoidalariga zid bo‘lgan belgilar.
Izoh (0)