Ukraina razvedkasi rahbari Kirill Budanov Rossiya bilan yana qancha jang qilishiga to‘g‘ri kelishi haqidagi shaxsiy fikri bilan o‘rtoqlashdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy harakatlar uzoq davom eta olmaydi, chunki rus harbiylari urushning uzoq vaqt davom etishiga “jismonan chiday olmaydi”.
“Men bu uzoq davom etadigan urush bo‘ladi degan fikrga qo‘shilmayman. Bu mening shaxsiy fikrim bo‘lib, birinchi navbatda, dushmanga oid ma’lumotlar tahliliga asoslangan”, — dedi Ukraina razvedkasi rahbari.
Biroq Kirill Budanov har kimning “uzoq muddatli” tushunchasi borligini qo‘shimcha qildi.
“Rossiya bilan urush yana olti, yetti oy yoki bir yil davom etishi mumkin. Ba’zilar uchun bu uzoq vaqt. Agar bu uzoq muddat deb o‘ylasangiz, unda siz haq bo‘lishingiz aniq”, — dedi u.
Shuningdek, Budanov Ukraina Qurolli kuchlari qish boshlanganidan keyin ham qarshi hujumni davom ettirishini aytdi.
“Sovuq, nam va loyda jang qilish qiyinroq. Janglar, qarshi hujum davom etadi”, — dedi Ukraina razvedkasi rahbari Kirill Budanov.
Izoh (0)