Zarafshon milliy tabiat bog‘ida noqonuniy ravishda dam olish maskanlari qurilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bosh prokuror o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Zarafshon milliy tabiat bog‘ida o‘rganish o‘tkazilganda qator qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Xususan, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yer uchastkalari faqatgina xususiy buyurtma qo‘riqxonalar hamda tabiiy pitomniklar tashkil etish uchun yuridik va jismoniy shaxslarga ijaraga berilishi mumkinligi belgilanganiga qaramasdan, milliy tabiat bog‘i mansabdor shaxslari tomonidan 2021—2022-yillarda bog‘ hududidan 39,8 gektar yer maydonlari 57 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga ijara bitimi va shartnomalarga asosan dam olish maskani qurish uchun ajratib berilgan.
Oqibatda ijarachilar tomonidan 8015 metr kvadrat yer uchastkasidagi butalar va o‘simlik dunyosi nobud qilinib, noqonuniy ravishda qurilish ishlari amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun fuqarolarga 115,6 gektar yer maydonlari noqonuniy berib yuborilgan.
Ayni paytda aniqlangan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)