Xitoy yarimo‘tkazgichlarni ishlab chiqarishga sarmoya kiritadigan, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan yangi investitsiya fondini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters manbalarga tayanib xabar berdi.
Jamg‘arma orqali kutilayotgan jami sarmoya 300 milliard yuanni (41 milliard dollar) tashkil etadi.
Yangi fond yaqin bir necha oy ichida Xitoy rasmiylaridan yakuniy ruxsat olishi kutilmoqda.
Xitoy yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishga katta pul sarflamoqda, chunki AQSH va uning ba'zi ittifoqchilari Xitoyning yangi avlod chiplarini yaratish imkoniyatlarini cheklash uchun keskin choralar ko‘rmoqda.
Xususan, AQSH Xitoyga buning uchun zarur bo‘lgan texnologiya va asbob-uskunalarni olib kirishga qarshilik ko‘rsatishga intilmoqda. Avvalroq Xitoy iyun va iyul oylarida bunday uskunalar importini keskin oshirgani xabar qilingan edi. Reuters xabariga ko‘ra, yangi jamg‘arma mablag‘larining bir qismi aynan chiplar ishlab chiqarish uchun uskunalar tayyorlashni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Reuters manbalariga ko‘ra, Xitoy Moliya vazirligi yangi fondga 60 milliard yuan (8,2 milliard dollar) sarmoya kiritmoqchi, yana qaysi tashkilotlar jamg‘armaga sarmoya kiritishi hozircha ma’lum emas.
Izoh (0)