Respublika tez tibbiy yordam markaziga 30-avgust kuni 50 dona A toifali Volkswagen Caddy tez tibbiy yordam avtomashinalari topshirildi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, ushbu mashinalar Qashqadaryo va Xorazm viloyatlaridagi “103” xizmatlariga taqsimlab beriladi.
2023-yilning yanvarida Respublika tez tibbiy yordam markazi avtoparki 220 ta Volkswagen Caddy tez tibbiy yordam mashinalari bilan taʼminlangandi. Fevral oyida bu turdagi avtomobillarning yana 117 donadan iborat navbatdagi partiyasi hududlarga taqdim etildi.
Vazirlik xabarida aytilishicha, yil yakuniga qadar yana 610 dona shunday transport vositalari hududlarga yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Beshinchi avlod A toifali Volkswagen Caddy MQB platformasida ishlaydi. Ular 1,6 MPI atmosferali motor bilan jihozlangan bo‘lib, 6 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi va 110 ot kuchiga ega. 100 kilometr masofaga avtomobil aralash siklda 7 litr yonilg‘i sarflaydi.
“Eng so‘nggi va zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan bu avtotransport vositalari xalqaro talablarga to‘la mos kelib, uning ichki qismi bemor va tibbiy xodimlarning qulay joylashishi imkonini beradi.
Shuningdek, ular shahar ichida harakatlanish bo‘yicha yuqori texnik ko‘rsatkichlarga ega bo‘lib, o‘tuvchanligi, ishonchliligi hamda tejamkorligi bilan ajralib turadi. Eng muhimi, bu avtomobillarda harakatni to‘xtatmay turib ham bemorga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish mumkin”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)