Rossiya 22-avgust kuni o‘zining yangi “Siklon” raketa tashuvchisini Qora dengizga olib chiqdi. Bu haqda Ukraina janubi mudofaa kuchlari spikeri Natalya Gumenyuk xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar bir vaqtning o‘zida jami uchta raketa tashuvchisini dengizga olib chiqqan. Ular orasida yangi “Siklon” kemasi ham bor. “Kalibr” raketalarining umumiy soni esa salkam 20 tani tashkil qilishi aytilmoqda.
Gumenyukning qo‘shimcha qilishicha, rus harbiylari dronlardan foydalanib, razvedka ishlarini olib borgan.
“Bu ruslar Ukraina hududida yangi raketa zarbalarini berishga tayyorligini bildiradi”, — deydi ukrainalik rasmiy.
“Siklon” Rossiyaning “Moskva” kreyseri cho‘kib ketganidan keyin Qora dengiz flotiga qabul qilingan birinchi raketa tashuvchi kema bo‘ldi.
Uni qurish 2016-yilda boshlangan. 2020-yil iyun oyida ishga tushirilgan. 2021-yil dekabr oyida kema davlat sinovlari uchun Sevastopolga yetib kelgan. 2022-yil yanvar oyida sinovning yakuniy bosqichi bo‘lishi xabar qilingan.
Izoh (0)