Toshkentning ikki tumanida — Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanining ayrim hududlarida elektr ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, iste’molchilarga sifatli va barqaror elektr energiyasi yetkazib berilishini ta’minlash va elektr tarmoqlaridagi avariyaviy holatlarning oldini olish, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida ertaga, 21-avgust kuni quyidagi manzillarda elektr ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi:
- Yakkasaroy tumani: “Boshliq” MFYning ayrim ko‘chalarida soat 09:00 dan 15:00 gacha;
- Mirzo Ulug‘bek tumani: “Oltintepa” MFYning ayrim ko‘chalarida soat 10:00 dan 15:00 gacha.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent shahar filiali mazkur ta’mirlash ishlari tufayli elektr ta’minotidagi vaqtincha uzilishlar sababli yetkazilayotgan noqulayliklar uchun ushbu hududlarda yashovchi iste’molchilardan uzr so‘radi.
Bundan oldin O‘zbekistonda 2023-yilning 6 oyida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish tufayli 78,5 milliard so‘m, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish sababli esa 231 milliard 866 million so‘m zarar ko‘rilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Iyul oxirlarida Yashnobod, Olmazor, Mirobod, Yakkasaroy, Shayxontohur, Chilonzor va Sergeli tumanlarining ba’zi hududlarida yuklama sabab elektr energiyasi ta’minotiga vaqtincha cheklovlar kiritilgan edi. Avgust boshlarida esa Toshkentning qator tumanlarida elektr, issiq suv va gaz ta’minotlari vaqtincha to‘xtatilgan.
Izoh (0)