Yaponiya g‘arbidagi Kii yarimoroliga urilgan “Lan” tayfuni kuchli yog‘ingarchilikka sabab bo‘ldi. Hududda havo, avtomobil va temiryo‘l qatnovi to‘xtadi, deb xabar bermoqda Kyodo agentligi.
Osaka orolida tayfun sabab trasnport harakati to‘xtatilgach, 650 ga yaqin odam Kansay aeroportida tunashga majbur bo‘lgan.
Tayfun ortidan Yaponiya g‘arbidagi ayrim hududlarda kuchli yog‘ingarchilik ro‘y berdi, xususan, Vakayama prefekturasida 6 soat ichida 304 millimetr, Kyoto prefekturasida 190 millimetr yomg‘ir yog‘di.
Yaponiya Meteorologiya agentligi mamlakatning sharqiy, markaziy va g‘arbiy qismlarida kuchli yomg‘ir yog‘ishidan ogohlantirdi. Agentlik aholini suv toshqinlari, ko‘chkilar va kuchli shamollar xavfidan hushyor bo‘lishga chaqirdi.
Tayfundan zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan hududlardagi ba’zi operatorlik tarmoqlari qisman yopilgan. Japan Airlines Co. va All Nippon Airways Co kabi aviakompaniyalarning mamlakat bo‘ylab 560 dan ortiq reyslari bekor qilinib, oqibatda 80 ming yo‘lovchi manziliga yetib borolmagan.
Izoh (0)