Futbol bo‘yicha Angliya Premyer Ligasining 1-turida “Manchester Yunayted” “Vulverhempton” ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘yinning 97-daqiqasida mankunianliklar darvozaboni Andre Onana o‘z jarima maydonida ishonchsiz harakat qilib, raqib jamoa hujumchisi Sasha Kalayjich tomonga otilgandi va qo‘llari bilan uning boshiga zarba bergandi.
VAR ushbu lavhani ko‘rib chiqdi, biroq hakam Saymon Huper penalti belgilamadi.
“Vulverhempton” bosh murabbiyi Gari O’nil ushbu vaziyat haqida gapirarkan:
“Jonatan Moss (APL hakamlar korpusi yetakchilaridan biri) bu toza penalti ekanligini aytdi. U hakamlar nomidan uzr so‘radi. Bugun u bilan ko‘p suhbatlashdim.
Jonga rahmat, u xatoni tan oldi. U haligacha maydondagi hakam penalti belgilamaganidan, VAR esa vaziyatni o‘zgartirmaganidan hayratda”, — dedi.
BBC’ning qo‘shimcha qilishicha, Moss “Vulverhempton” bosh murabbiyining intervyusi va matbuot anjumani oralig‘ida uning yoniga kelgan va suhbatlashgan. Undan tashqari Angliya hakamlar qo‘mitasi rahbari Hovard Uebb murabbiy bilan aloqaga chiqib, xato uchun uzr so‘ragan.
Uchrashuvni boshqarib borgan hakam Saymon Huper, shuningdek, VARda ishlagan hakamlar Maykl Solsberi va Richard Uest APLning 2-turidan chetlatilgan.
Izoh (0)