O‘zbekistonda tuman hokimlari hududida inflyatsiyani jilovlashga shaxsan javob beradi. Bu haqda prezident 11-avgust kuni Buxoroda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, iyul oyida yillik inflyatsiya darajasi 8,9 foizni, oziq-ovqat mahsulotlarida esa 10,7 foizni tashkil qildi. Bu borada kartoshka, piyoz, un va yog‘ mahsulotlari o‘tgan yilga nisbatan arzonlashgani muhim omil bo‘ldi.
Lekin takroriy ekin ekish ishlari to‘g‘ri tashkil etilmagani bois ayrim hududlarda sabzi narxi 52 foizgacha oshgan; pomidor 2 barobar qimmatlagan; bodring narxi 1,7 barobargacha o‘sgan.
Bundan tashqari, respublika bo‘yicha bor-yo‘g‘i 44 ming gektarga kartoshka takroriy ekin sifatida ekilgan.
“Shu o‘rinda hokimlarni qat’iy ogohlantiraman. Narxlarni jilovlash tadbirkorlarga mahsulotini majburlab arzon narxlarda sottirish hisobidan bo‘lmasligi kerak”, — dedi davlat rahbari.
Prezident bu ishlar faqat va faqat takroriy ekinlarni ko‘paytirish va mahsulot hajmini oshirish orqali ta’minlanishi shartligini ta’kidladi.
Izoh (0)