Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko “Xalq lashkari to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda 17-iyul kuni Lukashenko matbuot xizmatida ma’lum qilindi.
Hujjatda harbiy holatni ta’minlashda “fuqarolarning ixtiyoriy ishtiroki uchun” huquqiy asoslar belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari, u hududiy ichki ishlar organlariga yordam ko‘rsatish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratadi.
Lashkar tarkibiga 100-150 ming kishi kirishi mumkin
Fevral oyida harbiylar xalq lashkari tarkibiga kamida 100-150 ming kishi kirishi mumkinligini aytgandi.
“Biz harbiy tayyorgarlikdan o‘tmagan odamlar, jumladan, ayollar ham ko‘ngilli bo‘lishi mumkinligini istisno qilmaymiz”, — degan Belarus mudofaa vaziri Viktor Xrenin.
Hujjat Mudofaa vazirligi tomonidan mamlakat Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan.
2022-yilning kuzida Belarusda test formatida xalq lashkari tashkil etildi. O‘shanda u Mogilev viloyatining Klimovichi tumanidagi qishloq kengashi negizida tuzildi. Lashkar hududiy mudofaani to‘ldirib turadi.
2023-yil 17-iyul kuni “Belaruski Gayun” monitoring guruhi Belarusga kelgan “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasining yana bir karvoni o‘zi bilan 100 dan ortiq texnika olib kelgani haqida xabar berdi.
Izoh (0)