Meteorologlar 2023-yil 3-iyul tarixdagi eng issiq kun bo‘lganini ma’lum qildi. Bu kuni butun sayyoradagi o‘rtacha harorat yetti yil avval o‘rnatilgan rekordni yangiladi.
AQSHning “Atrof-muhitni prognoz qilish milliy markazlari” olimlari 3-iyul kuni o‘rtacha global harorat Selsiy bo‘yicha 17,01 darajaga yetganini aytdi. 2016-yilning avgustida qayd etilgan avvalgi rekord 16,92 daraja bo‘lgan.
3-iyul ob-havoning sunʼiy yo‘ldosh orqali kuzatilishi boshlangan 1979-yildan beri eng issiq kun bo‘lgan. Ammo mutaxassislar bu XIX asr oxiridan beri olib borilgan muntazam ilmiy kuzatishlar tarixidagi rekord ekaniga amin.
Ular issiqxona gazlari chiqindilari tufayli umumiy iqlim o‘zgarishi va El-Nino tabiiy hodisasining boshlanishi hozirda yangi harorat rekordlarini o‘rnatishga turtki bo‘lishini aytmoqda.
El-Nino — kuchli tabiiy hodisa, ekvatorial va Janubiy Tinch okeanidagi suv haroratining davriy ravishda oshishi. Bu butun sayyoradagi iqlimga ta’sir qiladi.
“Sayyoramiz sirtining o‘rtacha harorati bizdagi ishonchli maʼlumotlarga asosan birinchi marta 17 darajaga yetgani global isish tarixidagi ajoyib voqeadir. Endi El-Nino issiq fazasi ham boshlanmoqda, keyingi bir yarim yil ichida ko‘plab yangi rekord kunlar, oylarni, rekord yillik haroratni kutishimiz mumkin. Iyul oyi eng issiq oy bo‘lishi ehtimoli bor”, — deydi Leyptsig universiteti olimi Karsten Xaushtayn.
Izoh (0)