Fransiya hukumati ommaviy tartibsizliklar yuz bergan taqdirda raqamli platformalarga qo‘shimcha cheklovlar qo‘yish masalasini ko‘rib chiqish uchun parlament a’zolaridan iborat partiyalararo guruh tuzishni rejalashtirmoqda. Bu haqida Fransiya Vazirlar Mahkamasi vakili Olivye Veran ma’lum qildi.
“Biz ikki palatadagi barcha siyosiy harakatlar deputatlarini o‘z ichiga olgan partiyalararo ishchi guruhi bo‘lib o‘tgan voqealardan kelib chiqib, qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirishlarni birgalikda ko‘rib chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishini istaymiz.
Bir necha hafta oldin Vazirlar Mahkamasiga kiberxavfsizlik va raqamli vositalardan foydalanishni tartibga soluvchi qonun loyihasi kiritilgan”, — dedi u brifingda.
Qonun loyihasiga ko‘ra, tartibsizliklar paytida o‘zaro geolokatsiyani almashish kabi ijtimoiy tarmoqlarning ba’zi funksiyalarini o‘chirib qo‘yishga ruxsat berilishi mumkin.
Fransiya hukumati raqamli platformalardan zo‘ravonlikni qo‘zg‘atishi mumkin bo‘lgan postlarni imkon qadar tezroq olib tashlashni va jinoyat sodir etilgan taqdirda foydalanuvchilarni anonimlikdan mahrum qilishni talab qilmoqda.
Izoh (0)