“Dizayn” kulgi jamoasi a’zosi Dilshod Musabekov “Daryo” muxbiri Nargizaxon Murodovaga bergan intervyusida yakkaxon konsert bermasligining sababi va guruh a’zolaridan biri jamoani tark etsa qanday yo‘l tutishi haqida aytib o‘tdi.
— Har bir insonning o‘z qarichi bo‘ladi. Men Dilshod Musabekov emas, “Dizayn” jamoasi a’zosi sifatida tanilganman. Shunday ekan, jamoa bilan ijod boshladimmi, uning yakuni ham shunday bo‘ladi. Bu bilan yakka ijod qilolmayman demoqchi emasman. Ijodimga befarq bo‘lmagan insonlar sahnada yakka chiqish qila olishimni yaxshi bilishadi, — deydi Dilshod Musabekov.
Kulgi jamoalari orasida tarkib o‘zgarishi, sobiq ishtirokchilarning yakkaxon tarzda ijod qilishi odatiy holga aylanib qoldi. Faqatgina “Dizayn” jamoasida bunday yangilanish bo‘lgani yo‘q. Xo‘sh, agar jamoa a’zolaridan biri yakka ijod qilishni istasa, bu boshqalarga qanday ta’sir etadi?
— Avvaldan bizda bitta qoida bor. Agar jamoa a’zolaridan biri guruhni tark etsa, o‘sha kuni “Dizayn” jamoasining faoliyati to‘xtatiladi. Chunki bitta ishtirokchining jamoani tark etishi “Qandaydir nizoli vaziyat yuzaga kelgan”, degan shov-shuvli mish-mishlarning tarqalishiga sabab bo‘ladi. Xayrlashib, turli sabablarni tushuntirgandan ko‘ra faoliyatimizni to‘xtatganimiz yaxshiroq, — deydi “Dizayn” jamoasi a’zosi Dilshod Musabekov.
Izoh (0)