Eron prezidenti Ibrohim Raisiy hukumati sentyabr oyida O‘zbekiston bilan imzolagan 18 ga yaqin anglashuv memorandumlarini tezroq amalga oshirish zarurligini ta’kidlab, ularni ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish uchun zarur deb baholadi. Bu haqda IRNA axborot agentligi xabar berdi.
Raisiy tegishli bayonotni rasmiy tashrif bilan Tehronda bo‘lib turgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
“O‘tgan yil davomida Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi munosabatlarning mavqeini o‘zgartirgan bo‘lsa-da, ikki davlatdagi mavjud imkoniyatlar bizdan ikki tomon o‘rtasidagi iqtisodiy va tijorat aloqalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni faollashtirishni talab qiladi”, — dedi u.
Raisi Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun sentyabr oyida Samarqandga tashrif buyurgan edi. Tashrifda unga hamrohlik qilayotgan vazirlar va hukumat idoralari o‘zbekistonlik hamkasblari bilan hamkorlikning turli yo‘nalishlari, jumladan, savdo-sotiq, neft-gaz, yuk tranziti, texnologiya va turizmni qamrab olgan 18 ta hujjat imzolagan.
Raisiy Ismoilov bilan uchrashuvda, shuningdek, Eron va O‘zbekiston parlamentlari ikki xalq o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim rol o‘ynashini aytdi.
O‘z navbatida, Ismoilov Eron prezidentining Eronga qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratgan tashqi siyosatini yuqori baholab, O‘zbekiston ham o‘zining yangi Konstitusiyasida qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratganini bildirdi.
Izoh (0)