Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi davomida ko‘pgina sohalar qatori energetika tizimi bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.
Xususan, Germaniya—O‘zbekiston biznes forumi doirasida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va Siemens Energy o‘rtasida Buxoro shahar 3-sonli issiqlik ta’minoti qozonxonasida va Muborak IEM korxonasida energosamarador gaz turbinasi o‘rnatish bo‘yicha ikkita loyiha doirasida 72 mln yevro miqdorida shartnoma imzolandi.
O‘zbekistonda kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarning uzviy davomi sifatida baholanayotgan mazkur loyihaga ko‘ra, Buxoro shahrining 3-sonli issiqlik ta’minoti qozonxonasida va Muborak IEM korxonasida har birining quvvati 54 MVtga teng bo‘lgan ikkitadan, jami 4 ta gaz turbina o‘rnatiladi.
Mazkur loyihalarning ishga tushirilishi mamlakatimizda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining umumiy quvvatini 216 MVtga oshiradi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yiliga 1,7 mln kVt/soat elektr energiyasi va 1,5 mln Gkal issiqlik energiyasini ishlab chiqarish imkonini beradi. Shuningdek, 80 ta yangi ishchi o‘rinlari yaratiladi. Loyihalarni amalga oshirish davrida, respublikamizning ming nafar malakali mutaxassislarini ish bilan ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi.
Izoh (0)