Buxoro shahridagi mehmonxonada 5-may kuni yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “Dilkusho” mahallasidagi mehmonxonaning 6-qavatida joylashgan balkonning 2 kvadrat/metr maydonida chodir yonib ketgan.
Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga kelib tushgan xabar yuzasidan 2 ta yong‘in qutqaruv avtoekipaji jalb etilgan. Sodir bo‘lgan yong‘in mehmonxona ishchi xizmatchilari tomonidan o‘chirilgan.
“Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarari aniqlanmoqda. Yong‘in oqibatida fuqarolarning kuyish va halok bo‘lish holatlari qayd etilmadi”, — deyiladi boshqarma tomonidan e’lon qilingan axborotda.