Andijon viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi (sobiq bandlik boshqarmasi) boshlig‘i A.M. va boshqarma bosh hisobchisi budjet mablag‘larini talon-toroj qilishda ayblanib, hibsga olingani aytilmoqda. Bu haqda “Daryo” manbasi xabar berdi.
“Daryo” manbasining taʼkidlashicha, 2020-yildan 2023-yilning fevral oyigacha viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan A.M. budjet mablag‘larining talon-toroj qilinish holati bo‘yicha tergovga chaqirtirilgan va gumonlanuvchi tariqasida protsessual tartibda ushlangan.
“Daryo” muxbiri viloyat prokuraturasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmasi axborot xizmatlari bilan bog‘langan. Masʼullar ushbu shaxslar bilan bog‘liq ishlar ko‘rilmayotganligini bildirgan. Biroq “Daryo” manbalari ushbu ish yuzasidan tergov jarayonlari Oltinko‘l tuman prokuraturasi tomonidan olib borilayotganligini taʼkidlagan.
Qo‘shimcha qilinishicha, holat bo‘yicha 167-modda (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 207-modda (mansabga sovuqqonlik bilan qarash)lari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.