Eron prezidenti Ibrohim Raisiy rasmiy tashrif bilan Damashqqa keldi. Bu haqda SANA axborot agentligi xabar berdi.
Eron rahbari Suriya prezidenti Bashar al-Asad bilan batafsil muzokaralarni o‘tkazish niyatida. Bu Raisiyning so‘nggi 13 yil ichida Suriyaga ilk tashrifi hisoblanadi. Qayd etilishicha, Eron rahbariga tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullaxiyon, mudofaa vaziri Muhammad Rizo Ashtianiy va neft vaziri Javad Ouji ham hamrohlik qilmoqda.
Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalariga qaratiladi. Eronlik siyosatchining tashrifi chog‘ida yirik hujjatlar to‘plami imzolanadi.
Eron prezidentining Suriyaga tashrifi Arab—Isroil konfliktining navbatdagi keskinlashuvi fonida o‘tmoqda
Seshanba kuni Isroil harbiy-havo kuchlari samolyotlari Suriya armiyasining Halab shahri yaqinidagi pozitsiyalariga raketa zarbalari berdi.
Hujumni qaytarishda bir suriyalik askar halok bo‘ldi, yana yetti nafari yaralandi. Bundan tashqari, Neyrab xalqaro ayeroportidagi uchish-qo‘nish yo‘lagi ham hujum oqibatida shikastlangan.
Shu kuni Isroil qamoqxonasida ochlik e’lon qilgan falastinlik faol Xadr Adnan o‘limidan so‘ng G‘azo sektoridan Isroilga 70 dan ortiq raketa uchirildi. Bunga javoban Isroil armiyasi Falastindagi Hamas harakatining harbiy nishonlariga ikki marta hujum uyushtirgan.
Izoh (0)