Professional boksning super o‘rta vazn (-76,2 kg) toifasi vakili Bektemir Meliqo‘ziyev (11-1, 9 KO) o‘zining navbatdagi jangini Gabriel Rosadoga (26-16-1, 15 KO) qarshi o‘tkazadi va ular o‘rtasidagi jang 23-aprel tongida bo‘lib o‘tadi.
Meliqo‘ziyev va Rosado o‘rtasidagi revansh jangi Las Vegasdagi (AQSH) boks oqshomi kardidan o‘rin olgan. Bu oqshomning asosiy jangi yengil vazn toifasida WBA chempioni Jervonta Devis (28-0, 26 KO) va Rayan Garsiya (23-0, 19 KO) o‘rtasida kechadi.
Bektemir va Gabriel jang oldidan vazn o‘lchash marosimida ishtirok etdi. Unga ko‘ra, har ikkala bokschi ham bir xil 75.89 kg natija qayd etdi.
“Ushbu katta boks oqshomida jang qilishimdan xursandman. Revansh so‘ragandim va unga erishdim. Hozir bu eng muhimi. O‘tgan ish o‘tib bo‘ldi. Bu boks. Ko‘p gapirmayman, hammasini ringda ko‘rasiz. Hozir faqatgina xatolar bo‘lmasligini ayta olaman.
Rosado istagan narsasini gapirishi mumkin. Bu uning huquqi. Men esa qiziqarli jang bo‘lishini ta’kidlayman, xolos. Qaytaraman, revansh jangi o‘tayotganidan xursandman. Jang necha raund davom etishidan qat’i nazar u qiziqarli o‘tadi”, — deydi Meliqo‘ziyev.
Rosado esa: “U birinchi jangdagi g‘alabani tasodif deb atayotganidan noroziman. Bu natijani takrorlamoqchiman. Natija xuddi shunday bo‘ladi. Tayyorgarlikni a’lo darajada o‘tadim. O‘tgan galgidek yil nokautini takrorlashga va’da bermayman, lekin bu safar ham uni yengishga harakat qilaman. Jangni intizorlik bilan kutyapman”, — deydi.
Eslatib o‘tamiz, Bektemir Meliqo‘ziyev 2021-yil 19-iyunida Rosadoga qarshi ringga chiqib, bellashuvning 8-raundida ayanchli nokautni qabul qilib olgandi.
O‘sha jangdan keyin Rosado 3 bor ringga chiqib, barchasida (Mungia, Sheyn Mosli Junior va Ali Ahmedovga) ochkolar evaziga mag‘lub bo‘ldi. Meliqo‘ziyev esa 4 ta jangda g‘alaba qozondi: Sergey Yekimov, Devid Zegarra, Sladan Janjanin va Ulises Siyerra mag‘lub etilgan.
Izoh (0)