O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tartib-intizom qo‘mitasi Superliga 6-turi doirasida o‘tgan “Bunyodkor” va “Nasaf” jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan keyin yuzaga kelgan vaziyatni ko‘rib chiqadi, deya xabar qilmoqda tashkilot matbuot xizmati.
Bayonotida qayd etilishicha, O‘FA va PFL mutaxassislaridan iborat ishchi guruh mavjud videomateriallar hamda uchrashuv rasmiylarining hisobotini o‘rgani chiqmoqda.
“Barcha ma’lumotlar tartib-intizom qo‘mitasiga taqdim etiladi. Aybdorlar aniqlanib, ularga nisbatan o‘rnatilgan tartibda chora ko‘riladi”, — deyiladi O‘FA bayonotida.
“Bunyodkor” futbolchilari 90+6-daqiqada gol urganidan keyin golni qarshilik muxlislar yoniga borib nishonladi va shundan keyin futbolchilar o‘rtasida tortishuv kelib chiqdi. Hakam hushtagi chalinganidan keyin ham tortishuv davom etdi. Ma’lum vaqt futbolchilar tinchlandi.
“Bunyodkor” sardori Davron Ergashevning emotsional hayqiriqlari maydonni tark etayotgan “Nasaf” vakillariga yoqmadi va o‘rtada yana janjal boshlandi. Tribunalar ostida ham ikki jamoa vakillari uzoq vaqtgacha bir-birini haqoratlagan holda janjallashishda davom etdi. Vaziyatga xavfsizlikni muhofaza qiluvchi organ xodimlari aralashdi.
Izoh (0)