XVIII asrda musiqa saroy bastakorlari tomonidan yaratilgan va asosan zodagonlarning ko‘ngilxushligi uchun mo‘ljallangan, shu boisdan musiqachilar ularning ta’biga yoqadigan, “sinalgan” kuylarni tanlashni ma’qul ko‘rgan. Ularning aksariyati o‘zining shaxsiy kompozitsiyasini yaratish huquqiga ega bo‘lmagan hunarmand sifatida qolgan. Saroy musiqachilarining taqdiriga ko‘nmoqlikni istamaganlardan biri Lyudvig van Betxoven edi. Buyuk fransuz inqilobi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagan bastakor o‘zini ozod his qilgan va san’at orqali gumanistik g‘oyalarini ifodalovchi musiqalarni yaratgan. Hatto eshitish qobiliyatini yo‘qotganida ham uning ijodiy kamolotiga putur yetmagan. Buyuk musiqachining taqdiri qanday kechgan edi? “Daryo” “100 buyuk inson” loyihasi doirasida daho bastakorning omadsiz taqdiri haqida hikoya qiladi.
Bo‘lajak bastakor 1770-yil 16-dekabr kuni Bonnda, saroy qo‘shiqchisi tenor Iogann van Betxovenning ko‘p farzandli oilasida dunyoga kelgan. Bobosi Lyudvig kuchli basga ega bo‘lib, saroy kapelmeysteri lavozimida ishlagan.
Qo‘shiqchilar oilasida dunyoga kelgan bolaning taqdiri belgilab berilgandi. Lyudvigning birinchi ustozi o‘z otasi bo‘lib, u o‘g‘lini ikkinchi Motsartga aylantirish orzusida bo‘lgan. To‘rt yoshli bola kuniga 6 soatlab klavesinda mashq qilgan, otasi buyurgan vaqtda esa kechasi bilan mashg‘ulotlarini to‘xtatmagan. Lyudvig xuddi Motsart kabi daholikka da’vogarlik qila olmasdi, ammo uning musiqa borasida iqtidori mavjud bo‘lgan. Ushbu iqtidorini musiqa bo‘yicha birinchi haqiqiy ustozi — kompozitor Kristian Gotlob Nefe rivojlantirgan.
Bobosining o‘limidan keyin oilaning moddiy ahvoli yomonlashadi. Lyudvig maktabni tashlashga majbur bo‘lgan, biroq bu vaqtga qadar u lotin, italyan va fransuz tillarini o‘rganishga ulgurgan edi, ko‘p kitob o‘qir, ayniqsa, Gomer va Plutarxni, shuningdek, zamonaviy shoirlar — Uilyam Shekpir, Gyote, Fridrix Shillerni yaxshi ko‘rardi.
Lyudvig ilk bor omma oldida 1778-yil 26-mart kuni sakkiz yoshida chiqish qiladi. Otasi bolani Kyolnga olib kelib, o‘g‘lining noyob iqtidor sohibi ekanini qayd etish maqsadida u olti yoshda ekanini aytadi. Yosh musiqachi otasining so‘zlariga ishongan va shundan buyon o‘zini 1,5 yosh kichik hisoblab kelgan: shaxsini tasdiqlovchi hujjatni chaqaloqligida o‘tib ketgan akasiga tegishli deb hisoblagan.
Betxoven 12 yoshida o‘zining birinchi asarini e’lon qiladi. Klavishli musiqa anjomlari uchun mo‘ljallangan ushbu jamlanma oxir-oqibat uni tarixdagi eng mashhur pianinochiga aylantiradi. Bastakorning yoshligida yaratgan musiqalari orasida uchta bolalar sonatasi va bir nechta qo‘shiq, jumladan, “Sug‘ur” ham bor. 14 yoshida Lyudvig oilasini moddiy ta’minlash uchun saroy kapellasidagi organ yordamchisi bo‘lib ishlashga majbur bo‘ladi.
1787-yilda Betxoven Venaga tashrif buyurib, Motsart bilan uchrashadi. Uning improvizatsiyasini tinglagan Motsart baqirib yuborgan: “U barchani o‘zi haqida gapirishga majbur qiladi!”. O‘sha yili Lyudvigning onasi vafot etadi, otasi esa ichkilikka ruju qo‘ya boshlaydi. Yigitcha Bonnga qaytib, saroy orkestriga alt chaluvchi sozanda sifatida ishga kiradi va ukalarini ham qaramog‘iga oladi.
Tez orada Betxovenning homiylari — Breuninglar oilasi paydo bo‘ladi, bastakor ularning qizi Lorxenga musiqadan dars bergan. Ularning yordami bilan Lyudvig musiqiy yig‘inlarda qatnashgan, salonlarga borgan va ulardan shu qadar minnatdor bo‘lganidan umrining oxiriga qadar oila bilan, ayniqsa, Lorxen hamda uning turmush o‘rtog‘i bilan munosabatlarni uzmagan.
Mohir bastakorga aylanish
1792-yil noyabrda Betxoven Bonni tark etib, Venaga — Yevropaning eng yirik musiqiy markaziga yo‘l oladi. Bu yerda u Gaydna, Shenka, Albrextsberger va Salyerida kontrapunkt (musiqa nazariyasining ko‘p ovozlilik prinsiplari haqidagi bo‘limi) va kompozitsiyadan dars olgan. Lyudvig o‘zining o‘jarligi bilan ajralib turar, biroq tirishqoqlik bilan o‘qir va mehnatlari natijasida barcha ustozlarining olqishiga sazovor bo‘lardi. Birinchi va oxirgi uzoq davom etgan gastrolida (1796-yili) u Praga, Berlin, Drezden, Bratislava ahlini o‘ziga rom etadi. Ko‘plab musiqa shaydolar unga homiylik qilish istagini bildiradi. Salonlarda ilk bor Betxoven sonatalari, trio, kvartetlari, keyinchalik simfoniyalari yangray boshlaydi. Ammo Betxovenning xulq-atvori o‘z davri uchun aql bovar qilmas darajada edi. Kibrli va mustaqil yigit o‘zini kamsitgan biror insonni kechirmasdi. Uni haqorat qilgan badavlat insonga aytgan so‘zlari afsonaga aylanib ketgan: “Knyazlar bo‘lgan va yana minglab bo‘ladi, Betxoven esa yagona”.
Dars berishni xushlamagan Betxoven Cherni va Ris kabi o‘quvchilariga fortepianodan mashq o‘tgan. Ularning ikkisi ham Yevropada mashhurlika erishgan. Ferdinand Ris — bonnlik kapelmeyster, Betxovenlar oilasi do‘stining o‘g‘li bo‘lib, u Venaga 1801-yilda kelgan. Bu vaqtda shogirdining o‘zi musiqiy anjomlardan foydalanib, bastakorlik qilgan. Bir safar Betxoven unga endigina yakunlagan adajiosini (sekin, shoshmasdan, cho‘zib ijro etiladigan musiqiy asar) ijro etib beradi. Musiqa yigitchaga shu qadar yoqib qoladiki, knyaz Lixnovskiyning oldiga kelganida shuni ijro etib beradi. Knyaz bo‘lsa musiqaning boshlanish qismini yodlab oladi va bastakorning oldiga tashrif buyurganida o‘zi yozgan kuyni ijro etib bermoqchiligini aytadi. Betxoven bu Risning nayrangi ekanini tushunib, g‘azab otiga minadi. Shundan so‘ng u o‘quvchisiga yangi yozgan kuylarini eshitishni taqiqlagan va unga boshqa hech qachon biror musiqani chalib bermagan.
Ris bilan bir vaqtda Betxoven Karl Cherniga ham ustozlik qilgan. U Betxoven shogirdlari orasida eng yoshi edi: bolakay 9 yosh bo‘lsa-da, konsertlar berib kelardi. Cherni Betxoven qo‘lida 5 yil ta’lim olgan, shundan keyin bastakor unga “o‘quvchining muvaffaqiyatlari va uning musiqiy xotirasidan hayratlangani” yozilgan hujjatni topshirgan. Cherning xotirasi haqiqatda fenomenal edi — u o‘z ustozining fortepiano uchun mo‘ljallangan barcha musiqalarini yoddan bilgan.
Keyinchalik Cherning o‘zi 1,5 yil Ferens Listga murabbiylik qiladi. Uning muvaffaqiyatlari shu qadar ulkan ediki, ustozi uning omma oldida chiqishlariga ruxsat bergan. Konsertiga esa Betxoven ham tashrif buyurgan. U bolaning iqtidoriga tan berib, peshonasidan o‘pib qo‘ygan. List butun umr buni unutmagan. Ris ham, Cherni ham emas, balki aynan List Betxovenga xos royalda butun orkestr kabi kuy chalish uslubini egallagan. Yevropa bo‘ylab gastrollari davomida Ferens Betxovenning nafaqat fortepiano uchun mo‘ljallangan musiqalari, balki royalga moslashtirilgan simfoniyalarini ijro etib, uning ijodi targ‘iboti bilan shug‘ullangan.
Doroteya Ertman — Germaniyaning eng mashhur pianinochilaridan biri ham Betxovenning shogirdi edi. U ustozining musiqalarini mahoratli ijro etgani bilan tanilgan. Bastakor 28-sonatasini aynan unga bag‘ishlagan.
Betxoven Venadagi hayotining birinchi yilidayoq omma mehrini qozonadi. Lyudvig baland registrlardan (u vaqtda asosan o‘rtacha ishlatilardi), tepkidan keng foydalangan, massiv akkord tovushlarni ishlatgan. Umuman olganda, aynan u klavesinlar ijrosiga xos bo‘lmagan fortepiano uslubini yaratgan.
Betxoven do‘stlikni juda qadrlagan va do‘stlarining biror nimaga muhtojlikda yashashiga yo‘l qo‘ymagan. U doim bir burda noni bo‘lsa ham do‘stlari bilan bo‘lishgan, agarda puli qolmasa, stolga o‘tirib, ishlashni boshlagan.
Lyudvig Betxoven — 4 ming florin miqodirida nafaqa tayinlangan birinchi musiqachidir, chunki shaharning badavlat insonlari uning Venadan Fransiyaga qaytib ketishini istamagan, chunki u yerdan Napoleonning ukasidan taklif kelgandi.
Bastakorning shaxsiy hayoti
Bastakorning shaxsiy hayoti sirlarga to‘la, uning atrofida ayollar doim ko‘p bo‘lgan. Baxtga qarshi Betxoven boshqa sinfga mansub qizni yaxshi ko‘rib qoladi. 1801-yilda Venada grafinya Julyetta Gvichchardi unga shogirdikka tushadi. Bastakor o‘zining mashhur “Oy sonatasi”ni shu qizga bag‘ishlagan. Biroq grafinya graf Gallenbergga tushmushga chiqib ketadi.
1804—1810-yillar davomida bastakor graf Yozef Deymning bevasi Jozefina Brunsvikka nisbatan otashin muhabbatni boshidan o‘tkazgan. Jozefina uning g‘amxo‘rligini qabul qilgan, maktublariga javob qaytargan. Lyudvig sevgilisiga 15 ta maktub yozgan, ammo oilasining talabi bilan Jozefina tez orada u bilan munosabatlarini uzadi. Agarda ayol aristokrat bo‘lmagan inson bilan turmush qurganida farzandlari bilan muloqot qilish va ularning tarbiyasi bilan shug‘ullanish imkoniyatidan mahrum bo‘lardi. 1810-yilda Jozefina yana turmushga chiqadi, bu safar baron Shtekelbergga, Betxoven bo‘lsa baronessa Tereza Malfattining qo‘lini so‘raydi. Ayol musiqiy iqtidorga ega edi: royalda ajoyib kuylar chalgan, qo‘shiq aytgan va hatto dirijorlik qilgan. Ammo uylanish borasidagi mazkur urinish ham omadsiz kechadi.
Lyudvig Betxoven uchun shaxsiy hayot qurishning so‘nggi ilinji Gyotening do‘sti, nemis yozuvchisi Bettina Brentano bo‘ladi. Bu borada ham bastakorning omadi chopmaydi: 1811-yilda u yozuvchi Axim fon Arnimga turmushga chiqib ketadi. Oilaviy baxt buyuk bastakorni chetlab o‘tayotgan edi.
Arxivlarda Betxovenning “Boqiy mahbuba”siga atalgan uchta maktubi saqlanadi, biroq uning ismi kimligi hozirgacha sir bo‘lib qolmoqda. Bastakor ko‘plab ayollarni sevib qolavergani bois biograflar uning kim bo‘lganini aniq ayta olmaydi.
“1801-yil, 6-iyul tongi Farishtam mening, hayotim mening, ikkinchi menim — bugun senga bir nechta so‘z bitmoqdaman, shunda ham qalamda (sen bergan) — ertadan o‘zimga kvartira qidirishim kerak; hozirgi vaqtda bu naqadar noqulay. Nega bu muqarrarlik oldidan chuqur qayg‘u? Axir sevgi qurbonlik va fidoyiliksiz yashashi mumkinmi; men butunlay senga, sen esa menga tegishli bo‘la olishing mumkin, ey Xudoyim! Atrofidagi ajoyib tabiatdan muqarrarlikka ko‘nikish uchun ko‘mak va kuch izla. Sevgi barcha narsani talab qiladi va u bunga haqli; bu borada men ham sening hissiyotlaringni boshdan o‘tkazmoqdaman; faqat sen men ikki kishi uchun yashashim kerakligini osonlikcha unutib qo‘ymoqdasan — o‘zim va sen uchun; agarda biz birlashsak, hech birimiz azob chekmagan bo‘lar edik. Sayohatim juda yomon o‘tdi: bu yerga kecha tonggi soat to‘rtda yetib keldim; otlar juda kam bo‘lgani sabab pochta boshqa yo‘ldan yurdi, nima uchun yo‘llar buncha yomon! So‘nggi stansiyada menga tunda harakatlanmaslikni maslahat berdilar, o‘rmonda uchrashi mumkin bo‘lgan xatarlardan ogohlantirishdi, ammo bu meni yanada qiziqtirib qo‘ydi; biroq men nohaq bo‘lib chiqdim: ekipaj bunday dahshatli yo‘lda buzilib qolishi mumkin edi; bunday chuqurlarga tushmaganimizda, yo‘lning o‘rtasida qolib ketishga to‘g‘ri kelardi. Estergazi sakkizta otda boshqa, odatdagi yo‘ldan yuribdi, lekin u ham men uchragan ko‘ngilsizliklarga duch kelgan; doimgidek mashaqqatlarni yengib o‘tib, o‘zimdan qoniqish hosil qildim. Kel buni qo‘ya turaylik, boshqa narsa haqida gaplashamiz. Tez orada ko‘rishib qolsak kerak; hayotim borasida yakuniy qarorimni bugun senga ayta olmayman; yuragimiz bir joyda urganida, balki bu ishni qilmagan bo‘lardim. Qalbim senga aytmoqchi bo‘lgan gaplarimga to‘lib ketdi. Shunday paytlar bo‘ladiki, ba’zan tilimiz kuchsizdek tuyuladi. Ko‘ngilxushlik qil, oldingidek mening yagonam, xazinam bo‘lgan, xuddi men seniki bo‘lganim kabi, bizga bog‘liq qolgan ishlarga esa xudolar javobgar. Sening sodiq Lyudviging”
Bastakorning buyuk merosi
26 yoshidan boshlab Betxovenda eshitish bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘la boshlaydi va bu keyingi 20 yil davomida uni azobga soladi. Bundan tashqari, kasalligiga bog‘liq shovqinlar uni kun-u tun qiynab kelgan.
Ferdinand Risning eslashicha, 1809-yilda Napoleon qo‘shinlari Venani bombardimon qilganida Betxoven portlashlar ovozidan eshitish qobiliyatini yo‘qotib qo‘ymaslik uchun uyining yerto‘lasiga tushib, quloqlarini yostiq bilan berkitib olgan.
1813—1815-yilga kelib Lyudvig to‘liq kuch bilan ishlayolmay qoladi va butunlay eshitish qobiliyatini yo‘qotadi. Ammo shunday holatda ham u taslim bo‘lmagan. Notalarni “eshitish” uchun u ingichka yog‘och tayoqchadan foydalangan: uning bir uchini tishlagan, narigi uchini esa musiqiy asbobning old qismiga o‘rnatgan. Vibratsiya sabab u qanday ovoz chiqayotganini his qilgan. Bastakor hayotining shu davrida yaratilgan ijod namunalari tragizm va falsafiy ma’noga to‘la bo‘lib, barcha davrlar klassikasiga aylangan.
Omma oldida fortepianoda musiqa ijro etish Betxovenning yagona daromad manbaiga aylangan, bundan tashqari, u aristokratiya vakillariga muntazam dars berib kelgan. Eshitish qobiliyatining yo‘qolishi bilan og‘ir davrlar boshlangan. 1811-yilda fortepianoda bermoqchi bo‘lgan konserti omadsizlikka uchraganidan keyin u sahnada boshqa hech qachon ko‘rinish bermagan. Bir safar butunlay kar bo‘lib qolgan Betxovennikiga do‘stlari kelib, uni musiqa asbobi oldida uchratib qolishadi. Bastakor past registrdagi notalarni chalib, “Bu ajoyib emasmi?”, deya xitob qilardi. Mehmonlar faqatgina past registrli tovushlarni eshita olayotganidan bolalarcha xursand bo‘lgan dahodan hayratda edi.
Bastakor karligini muloqot daftarlari hisobiga kompensatsiya qilgan, do‘stlari suhbat davomida o‘z gaplarini unga yozib berardilar. U umrining oxirgi 10 yili davomida shu kabi daftarlardan foydalangan, unga qadar Bonndagi Betxoven muzeyida saqlanib kelinayotgan ovoz eshitish trubkasini ishlatgan. Muloqot daftarlari shu qadar qimmatbaho hujjatki, uning yordamida Betxoven nimalarni boshidan kechirganini aniq bilib olish mumkin. 400 ta shu kabi daftarning 264 tasi saqlanib qolmagan, qolganlari bastakor o‘limidan keyin shaxsiy kotibi Anton Shindler tomonidan to‘g‘rilab chiqilgan. Betxovenning birinchi biografi sifatida u o‘zining va bastakorning obro‘sini qutqarib qolgan: Lyudvig tomonidan monarx sha’niga yog‘dirilgan haqoratlar uning quvg‘ini va hukumat tomonidan taqiqlarga uchrashiga olib kelishi mumkin edi. Shuningdek, Shindler maestro obrazini avlodlar ko‘z oldida ideallashtirishga uringan.
Bastarkor umrining oxirgi uchdan bir qismini eng yaxshi asarlarni yaratishga sarflagan bo‘lib, ular hozirga qadar tinglovchilar olqishiga sazovor bo‘lmoqda. To‘qqizinchi simfoniya bo‘lsa — bu jahon musiqasi tarixida insoniyatga atalgan eng buyuk ijod namunasidir. G‘oyaning buyukligi va kengligi, axloqiy mazmunining teranligi, va obrazlar dinamikasi jihatidan u Betxoven yaratgan barcha asarlardan oshib ketadi.
1785-yilda Shiller insonlarni birlashuvga chaqirgan “Baxt uchun oda”sini yozgandi. U inqilob davrini ifodalab, yangi jamiyatni yaratish va yaxshi hayot qurish istagini bildiradi. Aynan shu asar Betxovenning e’tiborini tortadi. U simfoniyaning birinchi qismi ustida ishni 1822-yilda boshlagan va oradan ikki yil o‘tib uni yakunlagan, ikkinchi qism mavzusi bo‘lsa, 1815-yilda yozilgan edi.
1824-yilda To‘qqizinchi simfoniya premyerasi bo‘lib o‘tadi, unga o‘sha davrning eng mashhur dirijyori Umlauf boshchilik qilgan. Betxoven bo‘lsa uning yonidan joy olib, tempni ko‘rsatib turgan. Ijro yakunida tomoshabinlar o‘rnidan turib qarsak chala boshlaydi. Biroq buyuk bastakor tinglovchilar tomonidan yog‘dirilayotgan maqtovlarni ham, orkestr ijrosini ham eshita olmasdi. Shunda xorda bo‘lgan qizlardan biri Betxovenni qo‘lidan tortib, odamlar olqishini ko‘rishi uchun uni zal tomonga buradi. To‘qqizinchi simfoniyaning finali — “Baxt uchun oda” — G‘arbiy Yevropa tarixida kanonik simfoniyaga xorni qo‘shish bilan bog‘liq tarixdagi birinchi holat edi. Hozirda esa bu Yevropa Ittifoqining madhiyasiga aylangan.
Simfoniya Prussiya qiroli Fridrix-Vilgelmga bag‘ishlangan edi. Biroq qirollik oilasi premyeraga tashrif buyurmagan va konsert zalidagi eng qimmat joylar bo‘sh qolgan. Shu boisdan simfoniya ijrosi o‘zini oqlamagan — kompozitor gonorari juda kam chiqqan.
Maestroning shaxsiy kotibi Anton Shindlerning ta’kidlashicha, Betxoven o‘zi yaratgan temporitmdan foydalangan. Ko‘plab musiqashunoslarning fikricha, Vena klassikasining oxirgi avlodi sifatida bastakor klassik musiqa uslubidagi ko‘plab qonunlarni buzib yuborgan. Umrining so‘nggi yillarida Betxoven jiyani Karlning taqdiridan qattiq tashvishda bo‘lgan. Otasining o‘limidan keyin bastakor uni o‘z vasiyligiga olgan edi. Lyudvig uni eng yaxshi pansionlarga joylashtirgan va shogirdi Cherniga bolaga musiqa o‘rgatishni topshirgan. Kompozitor Karl olim yoki artist bo‘lishini xohlagan, ammo uni san’at emas, balki karta va bilyard o‘ziga jalb etardi. Qarzga botib ketgan yigit qurol yordamida o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘ladi, biroq o‘q uning bosh terisini shilib o‘tadi xolos.
1826-yilda Betxoven qattiq og‘rib qoladi — unga o‘pka yallig‘lanishi tashxisini qo‘yishgan. Bundan tashqari, u oshqozonidagi og‘riqlardan aziyat chekkan. Kasallik sekin-asta rivojlanib borardi. Bastakor olti oy davomida o‘rnidan turmagan. Do‘stlari ba’zan uning holidan xabar olish uchun kelib turgan.
1827-yil 26-mart kuni Lyudvig van Betxoven 55 yoshida olamdan o‘tadi. Bastakor Venadagi Vering qabristoniga dafn etilgan. 1863-yilda Vena musiqiy hamjamiyati Betxoven va Shuber tobutlarini qazib olib, suyaklarini qo‘rg‘oshinli tobutlarga joylashtiradi va Betxovenning bosh chanog‘ini suratga oladi. 1888-yilda Betxoven tobuti Motsart monumenti yaqinida joylashgan Markaziy qabristonga ko‘chirilgan.
Izoh (0)