Qadimgi Gretsiya davridan buyon atom bo‘linmaydigan eng kichik zarra hisoblangan. Ushbu tasavvur atom falsafiy jihatdan ilmiy tadqiqot predmetiga aylangan vaqtida ham saqlanib qolgan. XIX asr oxirida olimlarning hech biri rentgen nurlarining kashf etilishi ortidan dunyo ilm-fani qanchalik o‘zgarib ketishini bashorat qila olmasdi. Yosh tadqiqotchi Mariya Kyuri ular yordamida bir olam jumboqlarga yechim topadi.
Mariya Sklodovskaya o‘sha vaqtda Rossiya imperiyasi tarkibiga kirgan Polsha hududida dunyoga keladi. Bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Pyer Kyuri bilan Parijdagi uchrashuv uning oldidagi qator imkoniyatlar eshigini ochib bergan. Tez orada u yangi kimyoviy elementlar — poloniy va radiyni kashf etib, ilmiy muhitga “radioaktivlik” atamasini foydalanishga kiritgan. Uning ishlari nafaqat material dunyo borasidagi, balki ayollar faqatgina uy xo‘jaligi va bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanishi kerak degan tasavvurlarni o‘zgartirib yuborgan.
Radioaktiv shaxsiyat
XVIII asr oxirlarida Polsha hududi uch davlat — Avstriya, Prussiya va Rossiya o‘rtasida bo‘lib olingandi. Yo‘qolib ketgan davlatning sobiq poytaxti Varshava Rossiya nazorati ostida qolgan. Gimnaziyada matematika va fizikadan dars bergan Vladislav Sklodovskiy aynan shu yerda yashagan, 1860-yilda u qizlar pansionida o‘qituvchilik qilgan Bronislav Boguskayaga uylangan. Tez orada ayol ushbu muassasa rahbariga aylangan va turmush o‘rtog‘i bilan maktab binosi yaqinidagi pedagoglar uyiga ko‘chib o‘tgan. Keyinroq esa ularning yoniga xasta ukasi ko‘chib kelgan.
Sklodovskiylar oilasi vatanparvar kayfiyatda shakllangan, biroq 1863-yilda boshlangan polyaklar isyonida bevosita ishtirok etmagan. Isyonchilarning mag‘lubiyatga uchrashi rejimning yanada keskinlashuviga olib kelgan. 1866-yilda maktablarda polyak tilida dars berish taqiqlangan: Polshada rasmiy davlat tili sifatida rus tili e’lon qilingan.
Mariya Sklodovskaya 1867-yil 7-noyabrda dunyoga kelgan. Onasi uy yumushlariga bazo‘r ulgurgan: besh nafar bolani tarbiyalashdan tashqari u o‘ziga yarasha og‘ir bo‘lgan pansion direktori vazifasini uddalashi kerak edi. Turmush o‘rtog‘i qo‘shni gimnaziyaning kichik inspektoriga aylanib, tartib-taomilga ko‘ra yangi kvartiraga ko‘chirib o‘tishlariga to‘g‘ri kelganida ayol lavozimdan ketgan.
Farzandlari — Sofiya, Yelena, Bronislava, Mariya va Yuzef tez ulg‘aya boshlagan. Mariyadan uch yosh katta bo‘lgan Bronislava kichik singlisiga qarab o‘tirishni yaxshi ko‘rgan. Bronislava o‘qish va yozishni o‘rganishni boshlagan vaqtda Mariya ham u bilan birga dars qila boshlagan. Mariya opasi qay tarzda ta’lim olayotganini diqqat bilan kuzatgani hisobiga undan o‘zib ketgan.
Qizning ota-onasi Mariya bolalar kabi o‘yin-kulgiga berilmay faqat o‘z intellektini rivojlantirish bilan shug‘ullanayotganidan tashvishga tushib, uni chalg‘itishga urinishgan. Biroq Mariya tengqurlari bilan o‘ynash va sayr qilish o‘rniga otasining xonasiga kirib olib, u yerda fizikaga oid turli asbob-uskunalarni hayrat bilan kuzatishni yaxshi ko‘rgan.
Sklodovskiylar oilasi u vaqtda juda baxtli yashagan. Ammo ona davosiz deya hisoblangan silga chalinadi.
Bronislava Sklodovskyada o‘zi bilan to‘ng‘ich qizi Sofiyani olib, Nitssaga davolanishga yo‘l oladi. O‘shanda Vladislav o‘zining ruslarga qarshi chiqishlari bilan rahbariyat g‘azabiga uchraydi va lavozimidan ayriladi. Oddiy o‘qituvchiga aylangan Sklodovskiy doimgidan ikki barobar kam moyana ola boshlagan va tekin uy-joyda yashash huquqidan mahrum bo‘lgan. U o‘zlarining yangi, juda tor bo‘lgan kvartirasiga 10 nafar o‘quvchini ham joylashtirishga majbur bo‘lardi.
1875-yil oxirida ulardan biri terlama bilan kasallanadi. Ko‘p o‘tmay Bronislava va Sofiya ham ushbu kasallikka chalingan. Bir haftadan keyin, 1876-yil yanvarda oilaning to‘ng‘ich qizi olamdan o‘tadi.
Shundan keyin vaziyat yanada yomonlashadi. 1876-yilda Vladislav Sklodovskiy qaynag‘asining taklifi bilan barcha jamg‘armasini (30 ming rubl) foydali ko‘ringan korxonaga tikib, bor-budidan ayrilgan. 1878-yil 9-may kuni 10 yoshli Mariya uchun dahshatli voqea sodir bo‘ladi — onasi vafot etadi.
Polsha maktabida rus tili
Mariya maktabda a’lo bahoga o‘qigan. 10 yosh bo‘lsada u 12 yoshli opasi Yelena bilan bir sinfda ta’lim olgan. Uning murabbiysi yashirin ravishda u vaqtda taqiqlangan milliy polyak madaniyati va tarixi bo‘yicha dars o‘tgan. Uning sinfida barcha polyak tilida gaplashgan.
Maktab inspektorlari bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun muntazam ravishda tekshiruvlar o‘tkazib turgan. Ularning maktabga kelayotgani haqida shveysarlar ogohlantirib turgan va o‘quvchilar o‘z partalari ostida darsliklarini yashirgan hamda o‘zlarini shubha uyg‘otmaydigan oddiy mashg‘ulot bilan shug‘ullanayotgandek tutgan — masalan, tikuvchilik bilan. Mariya inspektorlardan hammadan ko‘ra ko‘proq qo‘rqqan. Gap shundaki, ular doim o‘quvchilarning rus tilini bilish darajasini tekshirgan va o‘qituvchi ko‘pincha eng yaxshi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Mariyani savolga tutishga uringan.
Va o‘z navbatida qiz ham hech qachon pand bermagan. Mariya inspektorlarning Rossiya tarixi borasidagi savollariga benuqson ruscha talaffuzi orqali javob qaytargan. Bu shu qadar yoqimsiz va charchatadigan holat bo‘lsa-da, qizaloq vazifani uddalagan. Eng qiyini Polsha hukmdorlari, ya’ni rus podshohlari haqidagi savollarga javob qaytarish bo‘lgan. Ularning unvonlarini, imperator oilasi a’zolarini aniq sanab berish talab etilardi. Bir safar inspektor sinf xonasini tark etishi bilan qiz ko‘z yoshlarini to‘ka boshlagan.
Shunga qaramay, Mariya o‘qishni yaxshi ko‘rgan. Onasi va singlisidan ayrilgach, bilim olish uning uchun eng ulkan baxt va yupanchga aylangan. Qiz zimdan Rossiyani yomon ko‘rishni boshlagan va 1881-yil bahorda shoh Aleksandr I o‘ldirilganida juda xursand bo‘ladi. Ikki yildan keyin, 1883-yil iyunda 15 yoshli Mariya gimnaziyani a’loga tamomlaydi. U bitiruv marosimida o‘z sinfi nomidan nutq so‘zlash baxtiga muyassar bo‘lgan Sklodovskiylar oilasining uchinchi farzandi edi.
Mariyaning otasi qizi gimnaziyani sinfdagi eng yaxshi o‘quvchi sifatida tamomlaganidan juda g‘ururlangan. Bunga mukofot sifatida u bir yil vaqtini shahardan tashqaridagi qarindoshlarining uyida o‘tkazishga ruxsat bergan. Mariya u yerda o‘rmonlarni aylangan, ko‘lda cho‘milgan va tinch qishloq hayotidan bahramand bo‘lgan. Vaqtda juda tez o‘tgan va dam olib, kuch-quvvatga to‘lgan Mariya Varshavaga qaytadi.
Bu vaqtda ukasi Yusef Varshava universitetida tibbiyot bo‘yicha ta’lim olardi. Onasining o‘limidan keyin uy yumushlarini zimmasiga olgan Bronislava esa ukasi kabi shifokor bo‘lish orzusida edi. Mariya ham ta’limni davom ettirish niyatida bo‘lgan, biroq Polshada bu davrda ayollarning oliy ta’lim olishi taqiqlanardi. Polyak qizi o‘qishni davom ettirishni istasa, xorijga ketishga majbur edi. Ammo bu variant ham Sklodovskiyalarga mos kelmasdi, chunki oila yashash uchun zo‘rg‘a pul topardi.
Mariya xususiy kvartiralarda noqonuniy ravishda tashkillashtirilgan darslarga qatnay boshlaydi: u yerda Varshava universiteti professorlari ma’ruzalar o‘qigan. Bundan tashqari, qiz dars berish ortidan pul ishlay boshlagan. Tez orada Mariya opasi Bronislavaga qiziqarli taklifni bildiradi: Mariya tarbiyachi bo‘lib ishga joylashishini va opasining Parijdagi o‘qishi uchun pul jo‘natib turishini aytadi. O‘z navbatida Bronislava ham shifokor bo‘lib qaytgach, Mariyaning o‘qishiga yordam beradi. Opa-singil o‘zaro kelishib oladi va 1886-yil yanvarda Bronislava Parijga yo‘l oladi.
Qishloqda tarbiyachilik yillari
Avvaliga Mariya Varshavada badavlat advokat oilasida ishlay boshlagan, biroq uy egasi bilan urishib qolib, u yerdan ketishga majbur bo‘ladi. Shunda qiz boshqa taklifni qabul qiladi — tarbiyachi sifatida qishloqqa yo‘l olish. 1886-yilning 1-yanvar kuni 18 yoshli Mariya ichki qo‘rquvini yengib o‘tib, o‘zi uchun notanish bo‘lgan maskanga otlanadi. Uning baxtida barcha qo‘rquvlari asossiz bo‘lib chiqadi. Juravskiylar oilasi yangi tarbiyachini iliq qabul qiladi. Mariya to‘rt yil davomida har kuni o‘z xo‘jayinlarining kichik qizi bilan dars qilgan. U oilaning to‘ng‘ich qizi bilan ham do‘stlashib ketgan va ular birgalikda atrofiga mahalliy bolalarni to‘plab, ularga polyakcha o‘qish va yozishni o‘rtaga boshlaydi.
U davrda tarbiyachi bolalarga nafaqat dars berar, balki deyarli oila a’zolariga aylanib ketardi. Mariya o‘qishdan tashqari butun vaqtini bolalarga bag‘ishlagan — ular bilan sayr qilgan, karta, shashka va shaxmat o‘ynagan. Qizning mustaqil o‘qib-o‘rganishi uchun vaqti juda kam edi, shunday bo‘lsa-da, bo‘sh bir daqiqa vaqt topilishi bilan u kitob ichiga sho‘ng‘igan. Bilimini charxlash maqsadida qiz matematik masalalarni yechgan. Aynan o‘shanda Mariya butun umrini ilm-fanga bag‘ishlashga qaror qiladi.
Bir yildan keyin, Rojdestvo arafasida oilaning Varshava universitetida matematika bo‘yicha tahsil olayotgan to‘ng‘ich o‘g‘li qaytib keladi. U singillari bilan dars qilayotgan yosh Mariyaga oshiq bo‘lib qoladi. O‘z navbatida Mariya ham Kazimej bilan intellektual suhbatlar qurishni yaxshi ko‘rgan — qishloq hayoti uchun bu kam uchraydigan hodisa edi. Tez orada ikki yosh bir-birini yaxshi ko‘rib qoladi.
Sorbonnada ta’lim
Kazimej tarbiyachi qiz bilan nikoh qura olmasligini aytmagunga qadar Mariya ularning oilasi bilan yaxshi munosabatda bo‘lib kelgan. Yigit oilasi uchun Mariya kelib chiqishi qashshoq, o‘g‘li uchun rafiqa bo‘lishga noloyiq qiz edi. Uy a’zolarining keskin qarshiligiga uchraganidan keyin Kazimej Mariyaga uylanish haqida gapirishni to‘xtatgan.
Bu qiz uchun og‘ir zarba edi. Mariya Juravskiylar oilasidagi ishini tashlab ketmagan, biroq oldingidek uy egalari bilan ochiqko‘ngil munosabatda bo‘lish imkonsizga aylandi. Sekin-asta Mariyaning kun kelib Parijda ta’lim olish istagi so‘nib borgan. Kazimejning o‘z sevgisini jiddiy himoya qilishga urinmagani qizni battar tushkunlikka solib qo‘ygan.
1888-yil aprelda Mariya otasi yangi, ko‘proq maosh to‘lanadigan ishga joylashganidan va endilikda uning o‘zi Bronislavaning o‘qishiga pul yubora olishidan xabar topadi. Bir yildan keyin Mariyaga uning xizmatlariga endilikda ehtiyoj yo‘qligini ma’lum qilishadi. Varshavaga qaytib kelgan qiz, bir necha oilaga shaxsiy dars berish bilan shug‘ullanadi. Bo‘sh vaqtida mustaqil o‘qishni davom ettirgan va ilmiy tajribalar o‘tkazish uchun oddiy uskunalar ham sotib olgan.
Bu vaqtga kelib Bronislava o‘zidan 10 yosh katta bo‘lgan shifokor Kazimej Dluskiyga turmushga chiqadi. U singlisiga Parijda o‘tkaziladigan to‘yga kelish taklifnomasini yuborgan. Qanchalik noodatiy bo‘lmasin, Mariyaga ushbu yangilik xush kelmaydi. U birinchidan Varshavada oilasi bilan yashashga o‘rgangan edi va u yerni tark etish niyatida bo‘lmagan. Mariyaning Parijga safarini to‘xtatib turgan yana bir sabab bor edi: qiz bir yildan keyin yana Kazimej Juravskiy bilan uchrashib, barchasiga oydinlik kiritishni reja qilgan. Biroq uchrashuv vaqtida yigit o‘zini mujmal tutgan va shundan keyin Mariya tanlovini amalga oshirgan.
1891-yil kuzda Bronislavaning taklifidan foydalangan qiz Varshavani tark etadi. Ozod va quvnoq Parij sovuq hamda tund Varshavadan keskin farq qilardi. Mariya avvaliga aytilgan arzimas gapi uchun hibsga olishlar ro‘y bermaydigan shaharda o‘zini g‘alati his qilgan. Bu yerda u o‘zini fransuzlarga xos odatga ko‘ra Mari deb atay boshlagan. Qiz Parij universiteti darslariga qatnab, o‘ziga bo‘lgan ishonchini biroz yo‘qotib qo‘yadi: darslar fransuz tilida o‘tilar, Mariya esa bu tilni yaxshi bilmasdi. Bundan tashqari, u 24 yoshga to‘lgan bo‘lib, kursdoshlarining aksariyatidan yoshi katta edi. O‘zlashtirishi past bo‘lgan talabalar qatoriga tushib qolmaslik uchun qiz butun vaqtini, oxirgi daqiqasigacha o‘qishga sarflaydi.
Mariya yashagan opasining uyi sershovqin bo‘lib, ko‘p odam istiqomat qilardi. Bronislavaning eri Dluskiy o‘zining hukumatga qarshi faoliyatlari sabab vataniga qayta olmasdi. Uyiga esa tez-tez Parijda yashaydigan polyaklar tashrif buyurib turar, ular orasida Polsha mustaqillikka erishgach mamlakat bosh vaziri lavozimiga ko‘tarilgan musiqachi Ignatiy Paderevskiy ham bor edi. Mariyaning baxtiga qarshi shovqinli kechalar dars qilishiga xalaqit berardi. Bir yildan keyin qiz universitet yaqinidagi yetti qavatli uydan bitta xonani ijaraga olib, ko‘chib chiqadi.
Mariya har kuni darsdan keyin kutubxonaga borib, u yopilgunga qadar kitob o‘qigan, shundan so‘ng uyiga qaytib kelar va yana dars qilishni davom ettirardi. Puli juda kamligidan qiz kuniga bir bo‘lak nonli saryog‘ va bir finjon qora choy bilan kifoyalangan. Bir safar u och qolganidan xushini yo‘qotadi. Bundan xabar topgan Kazimej Dluskiy Mariyani uyiga majburan olib keladi va kartoshkali bifshteks bilan mehmon qiladi. Bir hafta Dluskiylar oilasida yashagan Mariya yana o‘z bolaxonasiga qaytib, odatdagi hayot tarzini davom ettiradi. Nihoyat 1893-yilda a’lo baholar bilan universitetning fizika fakultetini tamomlaydi.
Kutilmagan sovg‘a
Universitetni tamomlash vaqtiga kelib Mariya Sklodovskaya o‘zining jamg‘arib qo‘ygan bor pulini ishlatib bo‘lgandi. Bu uning Polshaga qaytishi kerakligini anglatardi. Qizni bunday taqdirdan eski dugonasi — Yadviga Shasinskaya-Davidova qutqarib qoladi. Uning yordamida Mariya Aleksandrovich fondidan 650 rubl olgan. Bu esa Parij universitetidagi ta’limini davom ettirishga qo‘l kelgan. Bir yillik mashaqqatli o‘qishdan keyin talaba qiz matematika bo‘yicha ikkinchi diplomini qo‘lga kiritadi.
Biroq boshqa narsa muhimroq edi. Parijda ma’ruza o‘qish uchun eski qadrdoni — Frayburg universitetida dars bergan, fizika professori Yuzef Kovalskiy keladi. Shunda Sklodovskayaning ustozi Gabriel Lipman unga po‘latning magnit xususiyatlari bilan bog‘liq qator tadqiqotlarni o‘tkazishni ishonib topshiradi. Tajriba davomida Mariya ba’zi qiyinchiliklarga uchraydi va Kovalskiy uni bu kabi muammolarni yaxshi tushunadigan fizik bilan tanishtirib qo‘yishni va’da beradi. Uning ismi Pyer Kyuri edi.
Mariya Sklodovskayaning hayotidagi eng muhim uchrashuv 1894-yil bahorda yuz beradi. Fizik Pyer Kyuri bo‘ylari baland va vazmin, 35 ga kirgan bo‘lsada yosh ko‘rinadigan inson bo‘lib chiqadi. U magnetizm sohasidagi tadqiqotlari sabab ilmiy doiralarda mashhurlikka erishib bo‘lgandi. Ilmiy ishlarga sho‘ng‘ib ketgan Kyuri dissertatsiya yoqlashga ulgurmagan va shu sababli universitetda kamtar o‘qituvchilik bilan shug‘ullanardi.
Mariya Sklodovskaya va Pyer Kyuri avvaliga faqat ish yuzasidan uchrashgan, biroq tez orada ularning qarashlari bir-birinikiga mos kelib qoladi. Pyer yosh ayolning bilimidan, murakkab ilmiy muammolarni osonlikcha muhokama qilish va kutilmagan savollarni qo‘yish kabi qobiliyatidan hayratga tushgan. Ularning o‘zaro suhbatlari tongga qadar davom etishi mumkin edi. Mariya o‘zining yangi tanishiga matematika fakultetini tamomlagach, Polshaga qaytish va o‘z vatani mustaqilligi uchun kurashga bag‘ishlash niyati ekanini aytadi. Pyer bu kabi noyob bilim egasi o‘zini bekorga o‘lim yoqasiga eltishi mumkinligidan xavotirga tushadi va uni Parijdan ketmaslikka ko‘ndiradi. Uning “sizda ilm-fanni tashlab ketishga haqqingiz yo‘q”, degan gaplari orasida boshqa ma’no yotardi.
Tez orada Mariya Sklodovskaya matematika bo‘yicha akademik darajasini qo‘lga kiritadi va Polshaga yo‘l oladi. Ketishidan oldin Pyer Kyuri uning qo‘lini so‘rashga qaror qiladi, biroq bunga javoban Mariya “yaqin do‘st” bo‘lib qolishlarini bildirgan. Bundan foydalangan Kyuri unga ko‘plab maktublar yozib, qizni Parijga qaytarishga urinadi.
Polyak qizining vatanparvarlik kayfiyati jo‘sh uradi. Fransiyaga qaytishni u xiyonat deb baholagan: olgan bilimlari vatani kelajagiga xizmat qilishi kerak deb hisoblagan. Shunga qaramay, Pyer Kyurining maktublari ish beradi va Mariya Sklodovskaya shu yilning oktabrida Parijga qaytib keladi. U Kyuriga o‘zi bilan Varshavaga qaytish taklifini beradi: ular Polshada fransuz tilidan dars berib, ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanish. Voqealar rivoji bunday tus olishini kutmagan Pyer Kyuri ilmiy daraja va unvonlarga e’tibor bermay kelgan bo‘lsa-da, fizika bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini yoqlashga qaror qiladi.
1895-yil 6-iyul kuni Mariya Sklodovskaya Pyer Kyurining Parij yaqinidagi “So” qishlog‘idagi uyida turmushga chiqadi. Marosim kamtarona, tilla nikoh uzuklari va to‘y ko‘ylagisiz o‘tadi, biroq hamma aql-zakovatli juftlik naqadar baxtli ekanini ularning ko‘zidan bilib turardi.
O‘sha yilning kuzida er-xotin Kyurilar magnetizm bo‘yicha tajribalar o‘tkazish uchun universitet qoshidagi kichik laboratoriyani qo‘lga kiritadi. Mariya, shuningdek, o‘zining bo‘lajak doktorlik dissertatsiyasi uchun mavzu qidira boshlaydi. Tez orada u imtihon topshirib, universitetda dars berish huquqini qo‘lga kiritgan birinchi ayolga aylanadi.
Qiziq jihati, ularning turmushini dastlabki yillarida ikkita ajoyib kashfiyot amalga oshirilgan. 1895-yil 28-dekabrda nemis fizigi Vilgelm Rentgen ilmiy hamjamiyatga istalgan buyumni teshib o‘tadigan sirli nurlarni aniqlaganini ma’lum qiladi. Rentgen nurlari deb atalgan mazkur radioaktiv to‘lqinlarni o‘rganish bilan butun dunyo olimlari shug‘ullangan. 1896-yil mayda fransuz olimi Anri Bekkerel urandan ajraladigan radioaktiv to‘lqinlarni kashf etadi.
1897-yil 12-sentabr kuni Mariya va Pyer Kyurilar oilasida birinchi qiz farzand — Iren dunyoga keladi. Yosh onaga yordam berish uchun xizmatchi yollangan, Mariya o‘zining ilmiy ishlari uchun vaqt ajratishga majbur edi. Ayol doktorlik dissertatsiyasi mavzusini tanlaydi: u Bekkerel nurlarini tadqiq etish bilan shug‘ullanishga qaror qiladi.
Kutilmagan kashfiyot
Mariya Kyurining tadqiqotlariga turmush o‘rtog‘i tomonidan yaratilgan elektrometr ko‘p yordam bergan. Tarkibida uran bo‘lgan turli birikmalar bilan ishlash davomida toriy elementi radioaktiv to‘lqinlarni uran qatroni yoki uran rudasida kuchliroq tarqatishini aniqlagan. Bunday radioaktivlik darajasi o‘sha payda ma’lum bo‘lgan birorta elementda kuzatilmagan. Shunday ekan bu — tajriba davomidagi xatolikmi yoki yangi kashfiyot?
Pyer Kyuri rafiqasiga yordam berish uchun o‘z tadqiqotlarini vaqtincha yig‘ishtirib qo‘ygan. 1898-yil aprelda er-xotin Kyurilar Fransiya Fanlar akademiyasiga uran va toriyning radioaktivlik tabiati borasidagi nazariyalarini taqdim etadi. Ularning o‘zi akademiya a’zosi bo‘lmaganliklari bois, ularning maktubini Lipman o‘qib eshittirgan.
Yangi kashfiyot borasidagi yangilik butun Yevropa bo‘ylab tarqaladi. Ushbu elementni sof holatda olish maqsadida Kyurilar Uran qatronidan intensiv nur tarqatuvchi zarralarni ajratib oladi. Ular ruda tarkibida kuchli radioaktiv to‘lqinlarni ajratishga qodir ikki xil element bor degan xulosaga keladi. Shu yilning iyul oyida er-xotin Kyurilar Fanlar akademiyasiga taqdim etishga yetarlicha bo‘lgan mazkur elementlardan birini ajratishga muvaffaq bo‘ladi. Yangi element Mariyaning vatani Polsha sharafiga “poloniy” nomini olgan. “Radioaktivlik” termini maqolalarda birinchi marta paydo bo‘lgan, er-xotin o‘zlari tomonidan kashf etilgan element xususiyatlarini o‘rganishga kirishgan.
Mariya va Pyer bu bilan to‘xtab qolmagan, uran qatroni tarkibida poloniydan ham kuchliroq radioaktivlikka ega boshqa elementga duch keladi. Uni “radiy” deya nomlashgan. Uni ajratib olish uchun er-xotin ancha murakkab jarayonni amalga oshiradi. Kyurilarning hisob-kitobiga ko‘ra, o‘zlari ajratib olmoqchi bo‘lgan qotishma tarkibida sof radiy miqdori bir foizdan kamni tashkil etgan.
Muvaffaqiyat va fojia
Er-xotin Kyurilar radiy xloridni ajratib olish uchun juda ko‘p miqdorda uran rudasi kerakligini tushunib yetadi. Olimlar uni yaqin atrofdagi shaxtadan qazib olishni reja qilgan. Shaxta egasi bilan kelishuvga ko‘ra, ular bir tonna uran rudasini bepul qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ladi.
Mashaqqatli mehnat boshlangan. Mariya o‘zlarining laboratoriyasiga o‘rnatilgan idishga rudalarni solib, tinmay qo‘zg‘ashni boshlagan. Natijaga erishish uchun muntazam e’tibor talab etilardi. Mariya va Pyer kun bo‘yi laboratoriyadan chiqmagan, faqat tushlik vaqtida biroz tanaffus olishgan. Oilasini moddiy tomondan ta’minlab turish maqsadida 1900-yilda Mariya ayollar gimnaziyasida fizikadan dars bera boshlaydi.
U tadqiqot kundaliklaridan tashqari, qizining rivojlanish hisobotini ham yuritgan — uning birinchi qadami, birinchi sut tishi chiqqanlarini qayd etgan. Radiy tuzini tozalash ishi juda sekin amalga oshgan. 1901-yilda radiydan ayrim teri kasalliklarini davolashda foydalanish mumkinligi ma’lum bo‘ladi. Keyingi yilning bahorida er-xotin Kyurilar 0,1 gramm miqdorida sof radiy xloridni ajratib olishga erishadi. To‘rt yillik mehnat o‘z mevalarini bera boshlagandi.
Mariya Kyuri mehnatlari natijasini otasi bilan bo‘lishadi. U esa Varshavadan tabriknoma yuboradi, biroq bir necha kundan keyin ota olamdan o‘tgan. Tushkunlikka tushgan ayol oilasi bag‘riga qaytmay, Parijda qolish yo‘lini tanlagani uchun o‘zini lan’atlay boshlaydi. Uni faqatgina kasbi fizik bo‘lgan otasi qizining muvaffaqiyatdan xursand bo‘lishga ulgurgani tinchlantirar edi.
1903-yilda doktorlik dissertatsiyasini yoqlash vaqtida Mariya Kyuriga amerikalik sanoatchidan maktub keladi, unda radiyni ajratib olish yo‘li so‘ralgan edi. Ushbu yangi element butun dunyo e’tiborini o‘ziga tortadi va uni ajratib olib, patentlashga muvaffaq bo‘lgan inson katta miqdorda daromadga ega bo‘lardi. Er-xotin Kyurilar radiyni ajratib olish texnologiyasi kimlarningdir foydasi uchun xizmat qilishi kerak emas deb hisoblagan.
Shu yilning iyunida Mariya Kyuri Parij universitetida radioaktivlik tadqiqotlariga bag‘ishlangan dissertatsiyasini yoqlab, fan doktoriga aylanadi. Noyabr oyida er-xotin Shvetsiyadagi Nobel qo‘mitasi ular va Anri Bekkerelga fizika bo‘yicha Nobel mukofotini bermoqchi ekanidan xabar topadi.
Nobel mukofoti Parijda yashovchi polyak qiziga berilishi butun Fransiyani larzaga keltirgan. Ammo odamlar e’tiborini o‘zlariga tortishni istamagan olimlar bu kabi mashhurlik ishdan qoldiradi deb o‘ylagan. Shu boisdan ular Stokgolmga borib, mukofotni olishda aytiladigan an’anaviy nutqini keyinroqqa qoldiradi va ishlashni davom ettirgan.
1904-yilda Pyer Kyuri Parij universiteti professoriga aylangan, Mariya esa avvalroq boshlab qo‘yilgan tadqiqotlarini davom ettirgan. 6-dekabr kuni ayol ikkinchi qizi — Yevani dunyoga keltiradi. 1905-yil iyunda er-xotin Kyurilar Nobel mukofotini olish uchun Stokgolmga yo‘l oladi. Oila nomidan Pyer nutq so‘zlab, kashfiyotlari yo‘lida rafiqasining xizmatlari o‘zinikidan katta ekanini ta’kidlagan.
Parijga qaytishganidan keyin Pyer Kyuri Fanlar akademiyasi a’zosiga aylangan. 1905-yilning qolgan davrida er-xotin tinmay ishlagan va ularning radioaktivlik borasidagi tadqiqotlari muvaffaqiyatli tarzda kechgan. 1906-yilning aprelida ular qishloqqa ketib, biroz dam olishga qaror qiladi. Parijga qaytib kelishganida esa fojia yuz beradi.
19-aprel kuni kuchli yog‘ingarchilik kuzatilardi. Pyer Kyuri shu kuni Parij universiteti professorlari uchun tashkil etilgan nonushtada qatnashgan. Atrofida bo‘lgan barcha olim juda energiyaga boy va tetik bo‘lganini aytadi. Kyuri u yerda Kovalskiy bilan ko‘rishgan, ular kechqurun er-xotin Kyurilar mehmonga borishiga kelishib olishgan.
Tushlikdan keyin olim o‘z qo‘lyozmalarini topshirish uchun nashriyotga yo‘l oladi. Biroq nashriyot ish tashlashlar sabab yopiq edi va Kyuri yana universitetiga qaytadi. Ko‘chani kesib o‘tayotganida izvoshchi uni payqamay qolgan… Nobel laureatini ustidan olti tonna yuk ortilgan arava bosib ketgandi. Pyer Kyuri voqea joyida jon taslim qilgan. Assistentlarining birini eslashicha, u doim yo‘ldan o‘tishda e’tiborsiz bo‘lgan, ko‘chaga chiqqanida ham nimalarnidir o‘ylab yurgan.
46 yoshli Pyer Kyurining o‘limi haqidagi xabarlar ertasi kuniyoq butun Yevropa bo‘ylab tarqaladi. Dafn marosimi ixcham, oddiy, tobut ustidagi nutqlarsiz — Pyerga xos kamtarlikda o‘tgan. Marosimda Mariyani ko‘rgan barcha u o‘z hissiyotlarini tashqariga chiqarmaganini ta’kidlaydi. Ayol faqatgina o‘z shaxsiy kundaligida butun hislariga erkinlik bergan…
Erining o‘limiga bir oy to‘lmasdan Mariya Kyuriga Parij universitetida ma’ruza o‘qish taklifi bildiriladi. U birmuncha vaqt o‘ylangan, keyin taklifni qabul qilgan. Professorlar kafedrasida ayol kishining paydo bo‘lishi fransuz ilm-fani tarixida hali kuzatilmagandi.
Mariya Kyuri Sorbonnadagi birinchi ma’ruzasini 1906-yil noyabrda o‘qigan. Uning darsiga to‘plangan talabalarga dunyoga mashhur ayol aslida qanday ekanini ko‘rish qiziq edi. Mariya darsini eri haqida ikki og‘iz gap bilan boshlagan, keyin esa Pyer o‘limidan oldin boshlagan ma’ruzani oxiriga yetkazib qo‘ygan.
Turmush o‘rto‘g‘ining o‘limi qayg‘usi Mariya Kyurini umrining oxirigacha tark etmagan, ammo fizik Jan Perren va matematik Emil Borel kabi do‘stlari qo‘llab-quvvatlovi bilan ayolning yashashga bo‘lgan qiziqishi qaytgan. 1907-yilda u hamkasblari bilan bolalari uchun maxsus maktab tashkil etadi. Darslar ota-onalarning uyida tashkil etilgan va Kyurilarning qizi Iren ham shu kabi mashg‘ulotlar davomida ilmga qiziqa boshlagan. Mariya o‘z farzandlarining ta’limiga xuddi ota-onasi unga qattiq turganidek talabchan bo‘lgan. Kyuri xonim ko‘zi ilingan Irenning daftarlarini olib, derazadan uloqtirib yuborgani holatlari ham uchrab turgan.
1906-yilda amerikalik biznesmen Endryu Karnegining yaxshigina xayriyasi sabab Kyuri o‘zining tadqiqot laboratoriyasi shtatini kengaytirishiga muvaffaq bo‘ladi. Bu vaqtga kelib radiy borasidagi ilmiy mulohazalarda shubha paydo bo‘la boshlagan: taniqli ingliz olimi Uilyam Tomson er-xotin Kyurilar tomonidan kashf etilgan modda yangi element emas, balki geliy va qo‘rg‘oshin birikmasi ekanini ta’kidlagan. Mariya radiy haqiqatda yangi element ekanini isbotlash maqsadida uning tuzli aralashmasini emas, balki sof elementni olish ustida ish boshlaydi. Bu haqiqiy jasorat edi: tuzli aralashma ichidan sof radiyni ajratish katta mahoratni talab etardi. Ayolning bolalariga qarashga mutlaqo vaqti qolmaydi. U qizlari onasiz ulg‘ayishlarini istamagan, ammo boshqa tomondan marhum turmush o‘rtog‘i bilan boshlagan ishini davom ettirishga o‘zini majbur hisoblagan.
Ikkinchi Nobel mukofoti
Mariya Kyurining sa’y-harakatlari muvaffaqiyat bilan yakunlangan. 1910-yilda u radiy metallini ajratib olishga erishadi. Olima ayol radiy namunalarini ilk bor Bryusseldagi xalqaro ilmiy konferensiyada namoyish etishga tayyorlab qo‘yadi. Unda radiatsiyaning yangi o‘lchov birligi — “kyuri” tasdiqlangan.
Ko‘plab fransuz olimlari Mariya Kyurini Fanlar akademiyasi a’zoligiga saylash kerak deb hisoblagan. Shuncha kashfiyotlariga qaramay, u hamon akademik hisoblanmasdi. Biroq ayollarga qarshi salbiy qarashlar u davrda kuchli bo‘lgan va bu Mariya Kyuriga jiddiy qarshilik ko‘rsatgan. 1911-yil 23-yanvar kuni Fanlar akademiyasi tarkibiga nomzodlarni saylash muddati qoldirilgan. Bunga yagona sabab Mariya Kyurining ayol bo‘lib tug‘ilgani edi xolos.
4-noyabrda Parijdagi “sariq gazeta”lardan birida Mariya Kyurining fizik Pol Lanjeven bilan ishqiy munosabatlari haqida mojaroli maqola e’lon qilinadi. Ular uzoq vaqt bir-biriga yaqin bo‘lgan uyda istiqomat qilib kelgan. Matbuot ularning munosabatlarini o‘zgacha talqin qilishni boshlaydi. Ilmiy hamjamiyatning bunga munosabati salbiy edi. Lanjeven ushbu ma’lumotni e’lon qilgan jurnalistni duelga ham chaqirgan. Bir necha haftadan keyin u ayoli bilan ajrashishga ham majbur bo‘lgan, sekin-asta uning Mariya bilan munosabatlari haqidagi ovozalar so‘na boshlagan.
Ushbu mojarolar avjiga chiqqan vaqtda Stokgolmdan xabar keladi. Mariya Kyuriga “kimyoni rivojlantirish yo‘lidagi xizmatlari: radiy va poloniyni kashf etgani, radiyni ajratib olgani hamda uning xususiyatlarini o‘rgangani uchun” Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgandi. U ikki karra ushbu mukofotga loyiq ko‘rilgan dunyodagi birinchi olim edi.
1912-yilga kelib Mariya Kyurining salomatligi sezilarli darajada yomonlashadi. Tibbiy tekshiruvlar ayol buyrak yallig‘lanishidan aziyat chekib kelganini ko‘rsatgan. Mart oyida operatsiya o‘tkazilib, to‘qimalarning kasallangan qismi olib tashlanadi. “Sariq matbuot”da Mariyaning shifoxonaga yotqizilishiga uning Lanjevendan homilador bo‘lib qolgani sabab bo‘lgani yozilgan. Barcha mish-mishlarga chek qo‘yish maqsadida Mariya o‘ylab topilgan ism ostida Parij tashqarisidan ijaraga uy olib, ko‘chib ketadi. Shundan keyin u bir necha oy davomida Angliyada davolangan. Muolajalardan ancha o‘ziga kelib qolgan Mariya Shveysariyaga borib, yaqin tanishi va hamkasbi Albert Eynshteyn bilan tog‘larga ham chiqadi.
1914-yilda Mariyaning to‘ng‘ich qizi Iren Parij universitetiga o‘qishga kiradi. O‘shanda Sorbonnada Radiy instituti ham ochilgan.
1914-yil iyunda Birinchi jahon urushi boshlanadi. Germaniya Fransiyaga urush e’lon qilgach, Mariya Kyuri Iren va Yeva bilan ta’tilni o‘tkazayotgan edi. Bir oydan keyin Parij nemislar bosqini xavfi ostida qolgach, fransuz hukumati qimmatbaho radiy xlorid zaxirasini saqlab qolish choralarini ko‘ra boshlaydi. Mariya Kyuri ularni qo‘rg‘oshin qutilariga joylashda shaxsan yordam ko‘rsatgan.
Keyinroq u harbiy shifokorlarga rentgen qurilmalarini yasashda ko‘maklashgan. Ko‘ngilli sifatida mehnat qilgan Mariya frontga rentgenlar bilan jihozlangan 18 ta avtomashinani jo‘natadi. Uning sa’y-harakatlari sabab o‘n minglab askarlarning hayoti saqlab qolingan.
1920-yilda Rotshildlar oilasi va boshqa qator biznesmenlar qo‘llab-quvvatlovi ostida Kyuri institutiga asos solinadi. Bu radioaktivlikni o‘rganish bo‘yicha keng ko‘lamli tadqiqotlarni qayta tiklash imkonini bergan. Qizlari ulg‘ayib qolgan: Iren Kyuri ota-onasining izidan borgan, Yeva esa iqtidorli musiqachiga aylangan. Ammo ko‘ngilsiz voqealar hali oldinda edi. Uzoq yillik mehnatlari davomida Mariya hech qachon o‘zini radioaktiv to‘lqinlardan himoya qilmagan, kuchli og‘riqlardan aziyat chekkan, eshitish va ko‘rish qobiliyati tushib ketgan.
Shunday kunlarning birida Mariya Amerikadagi ayollar jurnali uchun material tayyorlayotgan jurnalist Meri Meloni bilan uchrashadi. Suhbatdoshi unda shu qadar yaxshi taassurot qoldiradki, jurnalist Mariya Kyuriga qanday yordam bera olishini o‘ylay boshlagan. Shunday qilib, bir gramm radiyni olish bo‘yicha kampaniya boshlangan. 1921-yilda tadqiqotchi ikki qizi bilan AQSHga yo‘l oladi. Kyuri Oq uyda Amerika prezidenti Uorren Gardingdan radiy solingan quti kalitini qabul qilib olgan.
Oradan bir yil o‘tib, ilmiy olamda atomning tuzilishiga bo‘lgan qiziqish ortib ketishi natijasida, Mariyaning tadqiqotlari dolzarbligini yo‘qota boshlaydi. Nils Bor va Albert Eynshteyn kabi fiziklar birinchi planga chiqib qoladi. Shunga qaramay, radioaktivlik borasidagi tadqiqotlar tugamagan va Mariya Kyuri o‘zi institutiga boshchilik qilgan holda ilmiy munozaralarda ishtirok etishni davom ettirgan.
1926-yilda Iren Kyuri yosh muhandis-kimyovar Frederika Jolioga turmushga chiqadi. Shu yillarda Mariya Kyuri vataniga borib, Varshavada tadqiqot instituti ochilish marosimida ishtirok etgan. 1934-yil mayida Mariya Kyurining ahvoli og‘irlashib qoladi. Shundan keyin u o‘zining tadqiqot institutiga boshqa tashrif buyurmagan. U Sanselmo tog‘li kurortiga yo‘l oladi, biroq yetib borgani hamon sog‘ayish uchun biror ilinj qolmaganini his qiladi. 4-iyul yozda Mariya Kyuri leykemiyadan (oqqon) vafot etadi.
Olimaning vafoti munosabati bilan butun dunyodan hamdardlik maktublari oqib kelgan. Ikki kundan keyin u “So” qishlog‘idagi Pyer Kyurining qabri yoniga dafn etilgan.
Izoh (0)