Qurilish vazirligi va Toshkent hokimligiga ikki hafta muddatda shaharlarning drenaj tizimidagi muammolarga yechim topish vazifasi topshirildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, bugungi kunda yangi uy-joylar mamlakatda ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallaridan qurilmoqda. Lekin qurilishlarning sifatiga taʼsir qiluvchi temir-beton ishlab chiqaruvchi 3 mingga yaqin korxonaning yarmida laboratoriya yo‘q. O‘tgan yili uy-joy qurilishida temir-beton, devor konstruksiyalari va payvandlash ishlari sifatsizligi bo‘yicha 1 mingdan ortiq holat aniqlangan.
Shu bois mutasaddilarga barcha temir-beton korxonalarida zamonaviy laboratoriyalar tashkil qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.
Shuningdek, so‘nggi oylarda dunyoda ham, mintaqamizda ham seysmik faollik kuzatilyapti. Shu bois 1-maydan boshlab:
- qurilish boshlanishidan oldin tanlangan yer uchastkalarida muhandislik-geologik ekspertiza o‘tkazish majburiy bo‘ladi;
- ko‘prik, tonnel, ko‘p qavatli binolar kabi seysmik xavfsizlik talablari yuqori bo‘lgan bino-inshootlarni qurish faqat Qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingida “A” va “B” toifaga ega bo‘lgan korxonalar tomonidan amalga oshiriladi.
Yog‘ingarchilik shaharlarning drenaj tizimi yomon ahvolga kelib qolganini yaqqol ko‘rsatayotgani taʼkidlandi. Qurilish vazirligi va Toshkent shahri hokimligiga ikki hafta muddatda ushbu masalaning yechimi bo‘yicha dastur qabul qilish va amalga oshirish topshirildi.
Izoh (0)