2023-yilning fevral oyida jahon markaziy banklari 51,7 tonna oltin sotib olgan. Bu haqda Jahon Oltin Kengashi xabar bermoqda.
Fevral oyida oltin sotib olgan asosiy xaridorlar qatoridan O‘zbekiston ham joy oldi. Mamlakat ushbu oy davomida 8,1 tonna oltin sotib olgan.
Eng yirik xaridlarni Xitoy va Turkiya amalga oshirgan — mos ravishda 24,9 tonna va 22,5 tonna.
Shuningdek, Singapur (6,8 tonna) va Hindiston (2,8 tonna) ham oltin zaxiralarini yaxshigina oshirdi.
Fevral oyida eng ko‘p oltin sotgan mamlakat Qozog‘iston bo‘ldi. Qozog‘iston Markaziy banki oy davomida 13,1 tonna oltin sotdi.
Jahon markaziy banklaridagi oltin zaxiralari ketma-ket o‘n birinchi oy o‘sib bormoqda.
O‘zbekiston nega oltin sotib oldi?
O‘zbekistonning oltin sotishi yoki sotib olishi asosan narxlarga bog‘liq. Markaziy bank oltin narxi oshsa sotadi, narx pasaysa sotib oladi.
Fevral oyida oltin narxlari yanvarga nisbatan pastroq bo‘ldi. Shu sababdan ham O‘zbekiston oltin sotishdan ko‘ra uni sotib olgan.
Mart oyida narxlar yana ko‘tarila boshladi. Bu vaziyatda O‘zbekiston yana oltin sotgan bo‘lishi mumkin.
Ayni paytda oltin narxlari bir troya unsiyasi uchun 2 ming dollardan oshib, bir yillik eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi.
Izoh (0)