O‘zbekiston rossiyaliklar ish izlayotgan eng mashhur mamlakatlar orasiga kirdi. Bu haqda “hh.ru” va Partners consulting kompaniyasiga tayanib RBC xabar bermoqda.
Yangi ish uchun mamlakatni tark etishga tayyor bo‘lgan rossiyaliklar orasida ariza beruvchilar ulushi 58 foizgacha o‘sdi (2020-yilda 47 foiz).
Tadqiqotda Rossiyaning turli burchaklarida yashovchi 7 300 nafar ish izlovchi ishtirok etdi. So‘rov 2022-yil dekabr — 2023-yil yanvar oylarida o‘tkazilgan.
Chet elga ko‘chib o‘tishga qiziqish bildirgan mutaxassislar orasida eng ko‘p ulushga tilshunoslar va jurnalistlar (har biri 37 foiz), muhandislik va dizayn mutaxassisliklari bo‘lgan ishchilar, huquq va gumanitar fanlar sohasidagi mutaxassislar (har biri 33 foiz) ega.
Ko‘chib o‘tish imkoniyati bilan eng kam qiziqqanlar shifokorlar (15 foiz), adabiyot va ijtimoiy ish sohasidagi mutaxassislar (har biri 17 foiz), xizmatlar (20 foiz) va ta’lim (22 foiz) sohasi xodimlari bo‘ldi.
Kanada — rossiyalik ish izlovchilar ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lgan eng mashhur mamlakat. Ish izlovchilar uchun keyingi o‘rinlarda AQSH, Kipr, Turkiya va Germaniya turadi.
Karyera qurish uchun eng maqbul yo‘nalishlar o‘nligida O‘zbekiston va boshqa Sobiq Ittifoq mamlakatlari ham bor: Belarus, Gruziya, Qozog‘iston, Ozarbayjon.
Respondentlarning qariyb 40 foizi ish haqini oshirish maqsadida mamlakatning boshqa mintaqasiga ko‘chib o‘tishga tayyorligini ma’lum qilgan.








